27 fevraldan boshlab Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvning muvaffaqiyat qozonishi Suriya hukumati hamda uning tarafdorlari, xususan Rossiyaning o‘z strategiyasini o‘zgartirishi evaziga ro‘y berishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Filip Hammondning bayonotida ma'lum qilingan.
"Kelishuv faqat ba'zi shartlar bajarilsa, muvaffaqiyatli chiqishi mumkin. Muvaffaqiyat uchun Suriyadagi rejim va uning tarafdorlari o‘zgarishlarga qo‘l urishi talab etiladi. Rossiya bu kelishuvga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi va Suriyadagi tinch aholi vakillariga hamda muxolif kuchlarga hujum qilishni to‘xtatishi kerak. Suriya hukumati ham shu yo‘ldan borishi kerak", deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu kelishuv shartlariga to‘liq amal qilinsa", bu kelishuv Suriyadagi zo‘ravonlik holatlariga barham berishdagi muhim qadam bo‘ladi hamda Suriyadagi siyosiy vaziyat barqarorlashadi.
Bundan oldinroq, AQSh Davlat departamenti Suriyadagi tinchlik sulhi Turkiyaning kurdlarni bombalashiga ham taalluqli ekani haqida ma'lum qilgandi.