FIFA prezidentligi uchun saylovdagi nomzodlardan biri, iordaniyalik shahzoda Ali ibn Al-Husayn AQSh futbol federatsiyasi tomonidan "sirli ravishda qo‘llab-quvvatlanmoqda". Bu haqda FIFAning sobiq prezidenti Yozef Blatterning maslahatchisi Klaus Shtolkerga asoslanib, TASS axborot agentligi xabar tarqatgan.
"Shahzoda Ali ibn Al-Husayn o‘z nomzodini qo‘yish arafasida umidsiz holatda edi. Osiyo futbol federatsiyasi uning nomzodini qo‘llab-quvvatlamasdi. Shu vaziyatda AQSh futbol federatsiyasi uni qo‘llab-quvvatlash orqali FIFAda o‘z ta'sirini kengaytirish bo‘yicha qaror qildi", deydi Shtolker.
"Amerikaliklar, hozir Shveytsariyaning Tsyurix shahriga tashkilot ofisiga kelib o‘tirganlar FIFAning ahamiyatini tushunib qolishdi. AQSh o‘z hududida va Janubiy Amerikada ko‘p muxlislarga ega bo‘lgan bu sport turiga jiddiy e'tibor qarata boshladi. Ular FIFAni kim boshqarsa, siyosiy ta'sirga ham ega bo‘lishini anglashdi. Bunday ta'sir kuchini ("soft power") yetarli darajada baholamaslik to‘g‘ri bo‘lmasdi", deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi TASS.
Shahzoda Ali 2015 yilning mayida FIFA prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovda Yozef Blatterning yagona raqibi bo‘lgandi.
"U "korrupsiyaga qarshi chiqdi" va o‘z maoshini xayriya tashkilotlariga yo‘naltirdi. Uni futbol sohasidagi top-menejyer deb atash qiyin", deydi Shtolker.
Shtolkerning fikr bildirishicha, saylovda g‘alaba qozonish uchun eng yaxshi imkoniyat OFK rahbari, shayx Salmon ibn Ibrohim Al-Xalifada bo‘lib turibdi.
FIFAning yangi prezidentini aniqlash uchun saylov 26 fevral kuni Tsyurix shahridagi yig‘ilish vaqtida o‘tkaziladi. Yangi prezident 4 yil muddatga saylanadi.