Jahon hamjamiyati Ebola virusi chaqirgan epidemiyaga nisbatan Zika bezgagiga samaraliroq munosabat bildirdi, olimlar o‘z kuchlarini tezroq birlashtirdilar, deb fikr bildirdi Amerikaning Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts Reuters agentligiga bergan intervyusida.
“Biz Ebola vaziyati bilan jiddiy shug‘ullandik, endi Zika virusiga taalluqli muammolarni yechishga o‘tdik. Biz eng yaxshi mutaxassislarni yig‘ishga harakat qilyapmiz", -deydi Bill Geytsning turmush o‘rtog‘i Melinda, o‘zi va eri tomonidan tashkil etilgan xayriya tashkiloti haqida gapirar ekan.
Zika virusi ilk bor 1947 yili Ugandada qayd etilgan. Bu virus yuqori isitma, kon'yunktivit, bosh va bo‘g‘im og‘riqlari, yallig‘lanish jarayonlari, ayrim hollarda ko‘ngil aynishi va qusish, oshqozon buzilishi va og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Osiyo, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika, Tinch okeani hududlarida kasallikning avj olgan holatlari ro‘yxatga olingan.
Homiladorlik paytida Zika virusini yuqtirib olish, homilada mikrotsefaliya – bosh suyagining kichrayishi oqibatida aqliy noqislik, asabiy kasalliklar, eshitish va ko‘rish qobiliyatining buzilishiga olib keluvchi tug‘ma nuqson paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Intervyu davomida, milliarder energetika sohasidagi izlanishlar xususida ham fikr bildirdi. Uningcha, tadqiqotlarga, ayniqsa, yosh olimlarni ham jalb etilsa, kelgusi 15 yil ichida sof energetika ishlab chiqarish sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishish mumkin. Shunda, ayni paytda elektrdan foydalanish imkoniyatidan mahrum taxminan bir milliard odamning yashash sifati va darajasi keskin oshgan bo‘lar edi.
O‘z o‘rinda Melinda Geyts ham, ayollar mehnatini xolis rag‘batlantirish masalalariga ham e'tiborini qaratganini aytdi. “Agar jamiyatni takomillashtirmoqchi va odamlarni qashshoqlikdan qutqarmoqchi bo‘lsak, bu muammolarga ayollar nuqtai nazaridan yondashishimiz kerak”, hisoblaydi u.