«Barselona» prezidenti: APL - eng yaxshi futbol turniri, bu esa bizni xavotirga soladi

Sport 11:08 / 23.02.2016 2413

Kataloniyaning «Barselona» klubi prezidenti Jozep Bartomeu Angliya premer-ligasi borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Angliya premer-ligasi jamoalari hozirgi vaqtga kelib aqlbovar qilmas darajadagi moliyaviy imkoniyatlarga ega. Bu esa bizni xavotirga soladi. APL – eng yaxshi futbol musobaqasi. Ularda muxlislar futbolga ko‘proq qiziqish bildirishadi. Ularning daromadlari boshqalarnikiga nisbatan ko‘p. Barcha jamoalar uchun teng sharoitning yaratilishi ligaga har bir kishining qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.

Bizda Ispaniyada jamoalarning byudjyetlari har xil ko‘rinishda, shunday ekan masalan La-ligadagi «Lester»ga o‘xshagan jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurasha olmaydi.

APL – bizning raqobatchimiz, bu jiddiy raqib. Biz daromadlarimizni ko‘paytirish va moliyaviy sharoitimizni yaxshilashimiz uchun barcha kuchni ishga solishimiz kerak. Shundagina bizning yosh iqtidorlar o‘z klublarida qolishlari mumkin bo‘ladi.

Men aynan shu jihatdan xavotirdaman. Shuning uchun ham bu borada ishlar olib bormoqdamiz. Biz o‘z iqtidorlarimizni saqlab qolishni istaymiz.

Futbolchilarimizning boshqa klublar bilan aloqaga chiqishganidan xabarim bor. Ularning birortasi ketish haqida gap ochishgani yo‘q. Ko‘pchiligi moliyaviy tarafdan o‘ta qulay bo‘lgan takliflar olishgan, biroq «Barselona»da to‘p surayotgan futbolchilar pul uchun emas, futbol va muxlislar uchun shu yerda», – deydi Bartomeu.

Ko‘proq yangiliklar: