AQSh Davlat departamenti: Suriyadagi tinchlik sulhi Turkiyaning kurdlarni bombalashiga ham taalluqli

Jahon 09:56 / 23.02.2016 2195

AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Mark Toner Suriyada 27 fevraldan boshlab o‘t ochilishi to‘xtatilishi bo‘yicha tuzilgan kelishuv muhokamalarda ishtirok etgan barcha tomonlarga taalluqli bo‘lishi, jumladan bu rejim Turkiya va Suriyadagi kurdlarga ham amal qilishi haqida aytdi. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatdi.

"Biz bundan avval ham bir necha marta ta'kidlaganmiz, Turkiya tomonidan Suriyadagi kurdlarning bombardimon qilinishidan tashvishdamiz va bunga barham berish uchun qayg‘uramiz", deydi u.

Toner AQSh rahbariyati Turkiyani o‘z chegaralaridan tashqaridagi "halokatli" aviazarbalarini to‘xtatishga chaqirishini bildirgan.

Bundan oldinroq, Turkiya hukumati Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSh va Rossiya o‘rtasida erishilgan kelishuvni qutlashi haqida xabar berilgandi.

Rasmiy manbalarda Rossiya va AQSh Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgani, kelishuvga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 27 fevraldan boshlab kuchga kirishi kerakligi aytilgan.

Al Jazeera ma'lumotiga ko‘ra, rejim IShID va "Jibhat an-Nusra" terrorchilik tashkilotlariga nisbatan amal qilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: