Uy-joy xarid qilayotganda aldanib qolmaslik uchun kerak bo‘ladigan tavsiyalar

O‘zbekiston 10:30 / 22.02.2016 18206

Uy bozorida ishonchli, davlat tomonidan o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat'iy rioya qilgan holda faoliyat ko‘rsatayotgan rieltorlik tashkilotlaridan tashqari, soxta “tadbirkorlar” ham bor. Ayrim ana shunday “tadbirkorlar” noqonuniy faoliyat ko‘rsatish bilan bir qatorda, sodda, ishonuvchan kishilarni turli usullar bilan aldab, firibgarlik yo‘li bilan daromad topishni ham o‘zlariga kasb qilib olgan.

Uybor.uz sayti yurtdoshlarimizga uy-joy sotish va sotib olishda aldanib qolmaslik uchun kerak bo‘ladigan tavsiyalar berishni lozim topdi. Quyida e'tiboringizga havola etilajak maslahat va tavsiyalarga rioya qilsangiz, uyingizni sotish, yangi xonadon sotib olish yoki ijara masalalarida dog‘da qolmaysiz, degan umiddamiz.

Tajribali mutaxassislar ogohlantiradi: sergak bo‘ling!

Ustasi farang uy-joy sotuvchilarning asosiy maqsadi xaridorlarni “xo‘rak”ka ilintirish. Keng tarqalgan usulga ko‘ra, ular yaxshigina ta'mirdan chiqarilgan, qulay hududda joylashgan, narxlari ham aynan sizbop, aslida esa hech qayerda mavjud bo‘lmagan uyning ta'rifu tavsiflarini keltirib e'lon beradi. Ularning “qarmog‘i”ga ilinishingiz bilan e'londa aytilgan uy xaridorini topib ketgani, sizga esa boshqa, ammo sal boshqacharoq variant taklif qilinadi. Izlab-izlab topganingiz shu bo‘lgani bois, u aytgan shartlarga beixtiyor rozi bo‘lib qo‘yaqolasiz.

“To‘rga ilintirish”ning yana bir mashhur usuli uy-joylar narxini arzonlatib qo‘yish (har bir tuman va uy turlari bo‘yicha bittadan). Qo‘shimcha to‘lov yoki shartlar esa uchrashganda, kelishuv vaqtida oshkor qilinadi. Bu paytda siz uyni ko‘rib bo‘lgan, ko‘nglingizga ma'qul kelgan bo‘ladi.

Ayrimlar esa internet orqali turli forum va guruhlarda e'lon berib, boshqa o‘nlab soxta profillari orqali o‘z-o‘zi bilan suhbatlashadi. Bu suhbat quyidagicha kechishi mumkin:

1-foydalanuvchi: Falon manzildagi ikki xonali uyimni bunchaga sotaman.

2-foydalanuvchi: Qiziq taklif, menga telefon raqamingizni bering.

3-foydalanuvchi: Menga ham...

Shunday qilib xaridorlar o‘rtasida sun'iy raqobat paydo qilinadi.

Yana bir keng tarqalgan aldovga ko‘ra, mijozga bunday qulayliklarga ega uy bozorda yo‘q ekani, bir necha mijoz uni sotib olish (ijaraga olish) istagida ekani aytiladi. Natijada, ishonuvchan xaridor yoki arendator birinchi ko‘rsatilganidayoq shartnoma imzolashga tayyorligini ma'lum qiladi. 

Yana bir ayyorlik usulida sotuvchi uy-joyga oid ayrim kamchilik va noqulayliklarni atayin tilga olib o‘tmaydi. Masalan, ko‘p qavatli uyning lifti tez-tez buzilishi, eng yuqori qavat tomidan chakka o‘tishi mumkinligi, gohida uy atrofida shovqin-suron yoki ko‘ngilsizliklar sodir bo‘lib turishi va hokazo. Bu kabi kamchiliklar ko‘zga tashlanmasligi uchun atayin qulay fursat tanlanishi, joy mijozga ma'qul kelganidan so‘ng darhol kafolat puli olib qo‘yiladi. Deylik, tajribali sotuvchi katta magistral yaqinidagi xonadonni pullash uchun xaridorni qattiq shamol esayotgan yoki ko‘chada qatnov nisbatan siyrak vaqtda olib borishi mumkin.

Bu borada eng keng tarqalgan firibgarliklardan biri sotayotgan yoki ijaraga berayotgan shaxs xonadonning egasi bo‘lmaydi. Oddiy misol: uy egasi biror xususiy “tadbirkorga” xonadonini sotib berishni ishonib topshiradi. Soxta “tadbirkor” esa unga vaqtinchalik ijarachilar topib, kunlik yoki bir necha oylik ijara pulini o‘zlashtirib yuboradi.

Shu bois o‘zini rieltor sifatida ko‘rsatayotgan kishining hujjatlari, ya'ni tegishli sertifikat mavjudligiga, uning qaysi rieltorlik firmasida faoliyat ko‘rsatishiga xamda ushbu rieltorlik tashkilotning tegishli litsenziyasi borligiga e'tibor qarating.

Ijaraga olishdan avval to‘lovni darhol oldindan amalga oshirmaslikka harakat qiling. Tegishli shartnomalar imzolanib, o‘rtada turgan vositachi o‘z vazifalarini to‘liq ado etganidan keyingina kelishilgan pulni to‘lang.

Hujjatlar, turar-joyni ko‘zdan kechirishda shoshilmang. Chunki sotuvchi ayrim jihatlarni payqab qolmasligingiz uchun atayin sizni shoshiltirishi, vaqti ziqligini ro‘kach qilishi mumkin.

Ko‘chmas mulk obektini xarid qilar ekansiz, uning joylashgan hududini yaxshilab o‘rganing, eng yaxshisi, kunning turli vaqtlarida ikki marotaba borib ko‘ring.

Uybor.uz sayti yuqorida keltirilgan masalalarni hisobga olishingizni tavsiya kiladi. Ushbu sayt ko‘chmas mulk sotish, xarid kilish yoki ijaraga olish uchun ixtisoslashgan sayt. Agar siz kvartira yoki hovli sotib olmoqchi bo‘lsangiz unda http://uybor.uz/uz/prodazha ga, ijaraga olmokchi bo‘lsangiz http://uybor.uz/uz/arenda ga o‘tishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: