Tallinning tarixiy muzeyida barcha istovchilarga dunyodagi eng qimmatbaho tanga namoyish qilinadi. Bu tanga 2013 yilda auksionda 10 mln dollardan qimmatroqqa sotilgan va numizmatika tarixida narx bo‘yicha rekord o‘rnatgan, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.
Gap sochlari yoyilgan Ozodlik ma'budasi tasviri tushirilgan "Flowing Hair" ("Sochilib turgan sochlar") deb nomlanuvchi kumush dollar haqida ketmoqda. Tanga 1794 yilda Filadelfiyada zarb qilingan, o‘shanda bu shahar AQSh poytaxti hisoblangan. Shunisi ma'lumki, bu tanga AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington qo‘lida ham bo‘lgan.
1947 yilda noyob tanga auksionda 1250 dollarga sotilgandi, 3 yil avval esa uning narxi 10 mln dollardan ko‘proqni tashkil qilgan. Tangani amerikalik kolleksioner Bryus Morelan sotib olgan.
Ushbu tangani ikki kun davomida – 22-23 fevral kunlari tomosha qilish mumkin bo‘ladi. Bundan avval tanga Praga, Varshavada namoyish qilindi, Tallindan keyin esa Xelsinki, Stokgolm, Oslo, Dublin va Londonga olib boriladi.