Faoliyati tugatilayotgan O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi negizida "O‘zoziqovqatsanoatxolding" xolding kompaniyasi tashkil etilmoqda. Bu haqda 22 fevralda chop etilgan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov qarorida aytilgan.
Qarorga ko‘ra, xolding tarkibiga oziq-ovqat, yog‘-moy va go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi aksionerlik jamiyati va mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi 176 ta korxona kiradi. Xolding ustav kapitali tugatilayotgan uyushma tarkibiga kirgan korxonalarning ustav jamg‘armalaridagi davlat aksiyalari paketini balans qiymati bo‘yicha berilishi hisobiga shakllantiriladi.
Qarorga ko‘ra, yangi xolding kompaniyasi tarkibiga a'zo sifatida ko‘ngilli tarzda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar kirishi mumkin.
Xolding negizida oziq-ovqat sanoati korxonalarini rivojlantirish, rekonstruksiya va modernizatsiyalash jamg‘armasi yaratiladi.