O‘zbekistonda birinchi marta Olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritgan sportchilar va ularning murabbiylari uchun mukofot tatbiq etildi. Bu haqda respublika Olimpiada qo‘mitasi vakiliga asoslangan holda Sputnik nashri xabar bergan.
Manbaning aytishicha, sportchilar va murabbiylar uchun mo‘ljallangan mukofot qiymati 50-60 mln so‘m atrofida. Olimpiadada yutib olingan sovrinlar uchun esa alohida mukofotlar berilishi aytilgan.
“Biz sportchilar va ularning murabbiylari uchun, Braziliya olimpiadasi oldidan, birinchi marta bunday qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi omil kiritdik. Shunday yo‘l bilan biz o‘z atletikachilarimizni nafaqat ma'naviy balki moddiy yo‘l bilan ham qo‘llab-quvvatlamoqchimiz”, — dedi Milliy Olimpiada qo‘mitasi vakili.
Olimpiadada oltin, kumush va bronza medallar olgan sportchilar uchun beriladigan mukofotlar ham saqlanib qolgan. Ularning aniq miqdori, odatdagidek, olimpiadadan bir oy oldin, prezident qarori bilan belgilanadi. Odatga ko‘ra, Olimpiada qo‘mitasi ham g‘oliblar uchun alohoda mukofot belgilaydi.
O‘zbekiston Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan olimpadaga katta umid bog‘lagan. Londonda bo‘lib o‘tgan olimpiada va paralimpiadaga qaraganda O‘zbekiston delegatsiyasida sportchilar soni to‘rt baravar oshishi kutilmoqda. Bo‘lajak olimpiada uchun O‘zbekiston jamoasi yuzga yaqin yo‘llanmani qo‘lga kiritishni rejalashtirgan.
Qo‘mita bu borada suzuvchilar, dzyudochilar, gimnastikachilarga katta umid bog‘lamoqda. Bugungi kungacha O‘zbekiston sportchilari ixtiyorida 30ta yo‘llanma bor.
2016 yilgi yozgi olimpiada o‘yinlari 5–21 avgust kunlari davomida, Braziliyaning yirik shaharlaridan biri Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadi. Musobaqalar Braziliyaning Belu-Orizonti, Brazilia, Salvadore va San-Paulu shaharlarida ham bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Bu Janubiy Amerikada bo‘lib o‘tadigan ilk olimpiada o‘yinlaridir. Lotin Amerikasida 1968 yili Mexiko shahrida Olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tgandi.
Rio olimpiadasida 306ta medallar shodasi uchun, 206 mamlakatdan kelgan sportchilar bahs olib borishadi.