UYeFA bosh kotibi, FIFA prezidentligi uchun saylovdagi nomzodlardan biri Janni Infantino saylov arafasida bayonot bilan chiqdi.
Unda saylovning tashkilot tarixidagi muhim ahamiyati to‘g‘risida so‘z borgan.
"Joriy haftadagi saylov o‘tadigan kun FIFA tashkil topganidan buyon o‘tgan 112 yil ichidagi eng muhim kunga aylanadi. 209 federatsiya vakillari faqatgina o‘z taqdirlarini emas, tashkilot va futbol taqdirini hal qilishlariga to‘g‘ri keladi. FIFAning yangi prezidentini tanlash orqali katta qadam tashlaymiz. Qadamni to‘g‘ri tashlash esa bizga tashkilot tarixidagi yangi erani ochishi mumkin. Kelajakda FIFAda barcha ishlar shaffof bo‘lishini ta'minlash o‘z qo‘limizda.
Agar men FIFA prezidenti etib saylansam, tashkilotni rivojlantirish va yangi eraga olib o‘tish uchun bor imkoniyatimni ishga solaman. Hozirda esa tashkilot o‘z tarixidagi eng og‘ir ahvolda turibdi", deydi Infantino o‘z murojaatida.
Eslatib o‘tamiz, Infantinodan tashqari OFK prezidenti shayx Salmon, Iordaniya shahzodasi Ali va FIFA sobiq Bosh kotibi o‘rinbosari Jyerom Shampan ham saylovlarda ishtirok etadi.
Infantinoni hozirgacha Yevropadan tashqari 17ta davlat qo‘llab-quvvatlagan.
FIFA prezidentligi uchun saylovlar 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.