Rossiya mudofaa vaziri Shoygu Tehronga ishchi safar bilan keldi

Jahon 18:53 / 21.02.2016 4190

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Eron poytaxti Tehronga yetib keldi. Shoygu bu yerda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy va mudofaa vaziri Xusayn Dehqon bilan uchrashishi mo‘ljallangan. Bu haqda Rossiyaning Tehrondagi elchixonasidagi manba Sputnik nashriga ma'lum qildi.

Keyinroq Eron prezidenti matbuot xizmatida Ruhoniy va Shoyguning uchrashuvi boshlangani ma'lum qilindi.

Shoygu Tehronga Eron mudofaa vaziri Xusayn Dehqon Moskvaga kelganidan keyin bir hafta o‘tib keldi. Dehqon o‘z safari davomida Vladimir Putin, Sergey Shoygu va bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Rogozin bilan uchrashgandi.

Ikki davlat mudofaa vazirlarining safarlari Tehron tomonidan Rossiya jangovar texnikasini sotib olish haqidagi ma'lumot berilgan vaqtda bo‘lib o‘tmoqda. Dehqon Moskvaga safari oldidan Eron Su-30 qiruvchi samolyotlari sotib olishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgandi. Shuningdek, davlatlar o‘rtasida T-90 tanklarining sotib olinishi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Ma'lum qilinishicha, Tehron Rossiyadan 8 mlrd dollarlik harbiy texnika sotib olmoqchi.

Bundan tashqari, Rossiya va Eron hanuzgacha S-300 zenit-raketa majmualarining yetkazib berilishi masalasini hal qila olmayapti. Dehqonning Moskvaga safaridan keyin Rossiya prezidenti Dmitriy Peskov S-300 bo‘yicha bitim hanuzgacha tegishli ravishda to‘lab berilmagani va shu sababli uni yetkazib berish muddatlari haqida gapirishga hali ertaligini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: