Suriya ixtilofini tartibga solish nafaqat o‘t ochishni to‘xtatishni e'lon qilishga bog‘liq, deb aytdi Suriya prezidenti Bashar Asad El Pais gazetasiga bergan intervyusida.
"Biz o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligimizni e'lon qildik, biroq gap faqatgina e'lonlarda emas", deb aytdi Asad. Asadning fikricha, Suriyadagi vaziyatni tartibga solishga ta'sir qiluvchi bir qator omillar mavjud. "Misol uchun, terrorchilar o‘t ochishni to‘xtatishdan foydalanishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Shuningdek, muvaffaqiyat boshqa davlatlarga, ayniqsa Turkiyaga terrorchilarga qurol-aslaha va odamlarni yuborish yoki har qanday moddiy-texnik qo‘makni ko‘rsatishni taqiqlashga bog‘liq", deb ta'kidladi Asad. Aks holda, Asadning fikricha, Suriyada yanada katta betartiblik yuzaga kelishi mumkin.
Asad "80 ta davlat terrorchilarni turli usullar bilan qo‘llab-quvvatlamoqda", deb aytdi. Shu sababli, Asad Rossiya va Eronning terrorchilarga qarshi kurashdagi ko‘magini yuqori baholadi.
"Suriya kichik davlat va biz kurasha olamiz, biroq terrorchilarga ko‘mak berish holati mavjud, shuning uchun bunday vaziyatda Damashqqa xalqaro ko‘mak zarur", deb aytdi Asad.
Agar Turkiya va Saudiya Arabistoni Suriyaga qo‘shinlarini yuborsa, Damashq bu davlatlarning harbiylariga terrorchilar sifatida qaraydi, deb qo‘shimcha qildi Asad.
"Agar bu yuz bersa, biz ularga nisbatan terrorchilar kabi munosabatda bo‘lamiz. Biz o‘z davlatimizni himoya qilamiz", deb davom ettirdi o‘z so‘zlarini Asad.
Uning ta'kidlashicha, Turkiya va Saudiya Arabistoni "Suriya hududiga kirishga hech qanday huquqqa ega emas". Asadning aytishicha, terrorchilar "tashqaridan ko‘mak olmoqda" va bunday ko‘mak asosan Saudiya Arabistoni tomonidan ko‘rsatilmoqda.