Zohirshoh Jo‘rayev: “Bizda shou-biznes degan olamning o‘zi yo‘q”

Jamiyat 14:59 / 19.02.2016 11196

O‘zbek san'atining zabardast vakili, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning farzandi Zohirshoh Jo‘rayev o‘zbek estrada olamida o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yosh xonandalardan biri. Akasi Shohjahon Jo‘rayevdek taniqli va faol bo‘lmasa-da, u otasiga munosib bo‘lish yo‘lida astoydil harakat qilayapti.

Zohirshoh Jo‘rayev “Bekajon” gazetasiga bergan intervyusida o‘zbek shou-biznes olami haqidagi savolga “Menimcha, bizda shou-biznes degan olamning o‘zi yo‘q. Dunyo darajasidagi shou-biznesga yetishimizga ancha bor. Orada fonogramma, klip olishdagi kamchiliklar kabi xatolarimiz ham bisyor. Son ko‘p, sifat yo‘q”, deb javob berdi.

Shuningdek, suhbat davomida san'atkorlar orasida tanishlari bor ekani, biroq yaqin do‘sti yo‘qligini aytib, barchaning ijodini kuzatib borishini ta'kidladi.

Qo‘shiqchi ijodidagi bir muddatlik tanaffus haqida ham gapirdi: “Kunlar bo‘ldi, san'atdan ko‘nglim sovidi. O‘zimni ko‘p narsadan chekladim. San'atdan, osha-og‘ayni, tanishlardan, turli “o‘tirish”lardan o‘zimni chekladim. Hammamiz ham g‘irromlikdan “sug‘urtalanmaganmiz”, adolatni ba'zan topa olmaymiz. Bu—hayot, ko‘nikib, to‘g‘ri xulosa chiqarishdan boshqa choramiz yo‘q. Bu haqiqatlar meni ko‘p o‘yga toldirdi. Allomalar so‘zlari mag‘zini chaqdim. Demak, biz kurashib yashashimiz, nima bo‘lsa-da, o‘z maqsadimizga erishishimiz kerak ekan...”

Ko‘proq yangiliklar: