O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2016 yil 8 yanvardagi 67-N-sonli buyrug‘iga asosan, havo kemasining yurish, ko‘tarilish va qo‘nish vaqtida elektron va aloqa vositalaridan foydalanish, jumladan, havo kemasi bortida fotosuratga va videotasvirga olish taqiqlanadi, deb xabar beradi “Darakchi” nashri.
O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 117-moddasida “Havo kemasi bortida turib fotosuratga, kinoga, videoga olish, shuningdek radioaloqa vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish — foto-kinoplyonka yoki videokassetalar musodara qilinib, eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deb belgilab qo‘yilgan.
Samolyot bortida taqiqlanadi:
- Giyohvand moddalarni, tamaki mahsulotlarini (nosvoy va boshqalarni ham) iste'mol qilish, shuningdek, elektron sigaretalardan foydalanish;
- tashuvchi tomonidan iste'mol qilish uchun taklif qilingan belgilangan me'yordan tashqari, shuningdek, boj olinmaydigan savdo do‘konlaridan sotib olingan alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish;
- uchuvchilar kabinasiga kirish;
- havo kemasi ekipaji a'zolarining xizmat vazifalarini bajarishlarida ularga to‘sqinlik qilish yoki ularning ishlariga aralashish;
- havo kemasining mol-mulkini(pledlar, yostiqlar, idish tovoqlar, oshxona jihozlari, elektron vositalar, qutqarish nimachalari va boshqalar)ni olib ketish va shikastlash;
- jamoat tartibini buzish va zaruratsiz atrofdagilarni bezovta qilish;
- havo kemasi ekipaji a'zolarining tegishli ko‘rsatmalarisiz avariya-qutqaruv jihozlarini ishlatish;
- havo kemasi ekipaji a'zolarining ruxsati yoki ko‘rsatmalarisiz boshqa joylarga o‘tirish.