«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal Yevropa ligasi 1/16 finalida Daniyaning «Midtyulland» jamoasiga qarshi kechgan bahsdagi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatni Merfi qonuniyati bilan izohladi. Bu haqda BBC Sprot xabar tarqatgan.
«Men o‘ylaymanki, bugun Merfi qonuniyati ish ko‘rsatdi. Barchasi yomon boshlandi. Bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon ehtimollar ro‘y berdi. Dastlabki 10-15 daqiqada futbolchilarimiz maydonda nima qilishayotganini o‘zlari ham anglashmadi. Bilmadim ularning miyasida qanday fikrlar aylandi. Birinchi golni rikoshetdan so‘ng o‘tkazib yubordik. Bunisi endi ortiqcha edi.
Ikkinchi bo‘limda esa har bir yakkakurashni boy berdik. Har birida. Biz raqibga ikkinchi golni urishga shunchaki haqli emasdik.
Afsuski o‘z imkoniyatlarimizdan ham foydalana olmadik. Lingardda ikki marta o‘zini ko‘rsatish uchun ajoyib vaziyat yuzaga kelgan edi», deydi murabbiy.
Manchesterliklar safardagi bu o‘yinning 37 daqiqasida hisobni ochishdi. Memfis Depay Jyessi Lingardning pasini golga aylantirdi. Daniyaliklarning tinib-tinchimagan futbolchisi Pione Sisto esa birinchi taym tugashi arafasida hisobni tenglashtirdi. Mezbonlarga g‘alaba keltirgan gol o‘yinning 77 daqiqasida Pol Onuachu tomonidan urildi.
Ayni vaqtda «Manchester Yunayted» lazaretida 13 futbolchi davolanmoqda. Daniyadagi o‘yin arafasidagi mashg‘ulot vaqtida esa asosiy darvozabon David De Xea jarohat olib, safdan chiqdi. Uning tizzasidan olgan jarohati qanchalik og‘irligi hali ma'lum emas. Uning o‘rnida endi Serxio Romero darvozani qo‘riqlaydi.
Ayni vaqtda «Manchester Yunayted» UYeFAning klublar reytingida 20-o‘rinda qayd etilgan. «Midtyullann» esa 136-o‘rinda. Bu jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 25 fevral kuniga belgilangan.
Merfi qonuniyati - hazilomuz falsafiy prinsip bo‘lib, omadsizlik ketidan omadsizlik kelishi, kelajakka ishonchsizlik va oldindan taslim bo‘lishni, bo‘lib o‘tishi kutilgan yomon voqeaning albatta sodir bo‘lishini anglatadi. Uning asosi 1949 yilda AQSh Harbiy havo kuchlari xizmatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan kapitan Edvard A. Merfi nomi bilan bog‘liq.