Mahmud Namozov ozarbayjonliklarni “mot” qilganini aytdi

Jamiyat 11:53 / 19.02.2016 12401

Baxshiyona uslubdagi qo‘shiqlari bilan muxlislar mehri va hurmatiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Namozov talabalik chog‘ida ozarbayjonlik talabalarni qanday lol qoldirgani haqida jurnalistga so‘zlab berdi.

Xonandaning aytishicha, talabalik chog‘ida do‘sti bilan tor asbobini qidirib Ozarbayjonning Boku shahriga boradi. O‘zlari istagan torni topa olishmagach, Boku konservatoriyasiyaga kirishadi.
Tor qidirib kelgan o‘zbek yigitlaridan ozarboyjonlik talabalar tor chalishni bilish-bilmasliklari haqida so‘rashadi. Shundan keyin ular tor chalish mahoratlarini ko‘rsatishga qaror qilishadi.

“Ozarbayjonlik tengdoshlarimiz musiqa san'atini shu mukammal egallashgan ekanki, qarasam, biz – hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari ularning qarshisida “ikkichi”ga aylanib qoldik. O‘shanda men kuchli xayajon bilan “Munojot” kuyini chalishni boshladim. Chalib bo‘lishim bilan kuyning sirini bilolmay, mendan qayta-qayta chalishimni so‘rashdi. Avvaliga bizni o‘z mahorati bilan qoyil qoldirgan “raqiblarimiz”ni o‘zimizning milliy kuyimiz, haqiqiy javohirimizni chalib berib, “mot” qilgan edik”, deb xotirladi san'atkor “Darakchi” gazetasiga bergan intervyusida.

Mahmud Namozov uzoq mashaqqat va sarguzashtlar bilan Ozarbayjondan keltirilgan tor 30 yildan buyon o‘zi bilan birga ekanini ham aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: