Bugun, 19 fevral kuni taniqli futbol sharhlovchisi, O‘zbekiston sporti faxriysi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Axbor Imomxo‘jayev 80 yoshga to‘ldi.
Axbor Imomxo‘jayev - O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, Shuhrat medali sohibi, "Oltin qalam" milliy mukofoti laureati.
U 1936 yilning 19 fevralida tug‘ilgan. O‘zbek sport jurnalistikasining otaxoni. O‘zbekiston televideniyesi tarixida o‘zbek tilida futbol uchrashuivini sharhlagan birinchi sport sharhlovchisi (1961 yil 20 aprel. "Paxtakor" Toshkent - TsSKA Moskva).
Bugun Axbor akaning 80 yillik yubiley tadbiri O‘zbekiston sport faxriylari kengashi hamda O‘zbekiston futbol federatsiyasi faxriylar kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston milliy paraalimpiya assotsiatsiyasi majlislar zalida tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston futbol federatsiyasi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi, O‘zbekiston uloq ko‘pkari federatsiyasi, "Neftchi" (Farg‘ona) va "Lokomotiv" (Toshkent) futbol klublari vakillari, futbol faxriylari, O‘zbekistonda xizmat kursatgan murabbiylar Narimon Jalolov, Rustam Akramov, Birodar Abdurayimov, Yuriy Sarkisyan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchilar Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Azamat Abdurayimov, Ilhom Sharipov, Asad Do‘rmonov ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda ot sporti buyicha jahon kubogi g‘olibi Jo‘raqo‘zi Turdimatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti kafedra mudiri Rahmon Nurimov ishtirok etishdi.
Kun.uz sayti tahririyati ustoz jurnalist Axbor Imomxo‘jayevni tavallud ayyomlari bilan tabriklaydi. Ustozga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz.