"Agrobank" aksiyadorlik tijorat banki 2016 yilda bankning aksiyadorlik kapitalida davlat ulushini qisqartirib, o‘zining kamida 15 foiz aksiyasini xorijiy investorlarga sotmoqchi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Bu rejaga ko‘ra, bank ustav kapitalining kamida 15 foizini sotish jarayoni joriy yilning 1 iyuligacha yakunlanadi.
Ayni vaqtda "Agrobank" butun O‘zbekiston bo‘ylab 183 ta filialga ega va qishloq xo‘jaligi sohasida keng ko‘lamdagi bank xizmatlarini taklif qiluvchi eng yirik bank hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligidagi ko‘plab iqtisodiy islohotlar bankning faol ishtirokida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2015 yil 21 dekabrda "Aktsiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb qilish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan edi.
Qarorga ko‘ra, xorijiy investorlarning aksiyadorlik jamiyatlaridagi ulushi kamida 15 foizni tashkil qilishi kerak.
Qarorda ustav kapitalida xorijiy investorlarning 15 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda ulushi bo‘lmagan aksiyadorlik jamiyatlari 2016 yilning 1 iyuligacha bu talabning bajarilishini ta'minlashi kerak.
Ishlab chiqarish va strategik ahamiyatdagi xom ayoshini birlamchi qayta ishlash sohalarida faoliyat yurituvchi jamiyatlar hamda tabiiy monopoliyalar sub'yektlari va tartibga solinuvchi narxlarda ijtimoiy ahamiyatli mahsulotlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar bundan mustasno qilingan.
Belgilangan muddatda talablarni bajarmagan aksiyadorlik jamiyatlari boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga o‘zgartiriladi va aksiyadorlik jamiyatlari reyestridan chiqariladi hamda soliq imtiyozlari va preferensiyalardan mahrum etiladi.
Bundan tashqari, mahalliy korxonalarga o‘z mablag‘larini investitsiya qilgan xorijiy investorlarga soliq imtiyozlari taqdim qilish ko‘zda tutilgan, bu imtiyoz aksiyadorlik kapitalining 15 foizdan 33 foizgachasini tashkil qilishi mumkin.
Bu soliq imtiyozlari daromad solig‘i, mulkka soliq, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va rivojlantirish uchun olinadigan soliq, yagona ijtimoiy soliq, jumladan Respublika yo‘l jamg‘armasiga undiriladigan soliqlarni o‘z ichiga oladi.