Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li 17 fevral oqshomida mamlakat poytaxti Anqara shahrida yuz bergan portlash uchun Suriyadagi kurdlarni aybladi. Bu haqda Associated Press xabar tarqatdi.
"Men kecha prezident bilan gaplashdim. Biz o‘z manbalarimizdan bu teraktni kimlar sodir etgani haqida ma'lumot oldik. Teraktni Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador bo‘lgan Suriyadagi kurd xalqi milliy kuchlari tashkiloti a'zolari amalga oshirishgan. Bu tashkilot a'zosi bo‘lgan Solih Najor Turkiyaga qochqin sifatida o‘tgan va portlashni ijro etgan. Yaqin vaqtlar ichida hodisaning batafsil ma'lumotlari beriladi", degan vazir.
Eslatib o‘tamiz, 17 fevral oqshomida Anqara markazidagi harbiylar yotoqxonasi oldida minalashtirilgan avtomobil portlashi oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan, 61 kishi tan jarohati olgan.