Toshkent bozorlarida olib-sotarlarga qarshi kurash kuchaytiriladi

O‘zbekiston 16:37 / 17.02.2016 7263

Toshkent shahridagi olib-sotarlarga qarshi kurash olib borish uchun mahsulotini ustama haqsiz sotadigan fermer va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xususiy tadbirkorlar jalb etiladi. Shuningdek, bozorlarda xarid qilingan mahsulot vaznini tekshirish uchun yanada ko‘proq nazorat tarozilari paydo bo‘ladi. Bu haqda Sputnik agentligi “Toshbozorsavdo” uyushmasiga asoslangan holda xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, avvalo fermerlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xususiy tadbirkorlarga (dehqonlarga) bozorlardan eng yaxshi joylar ajratilishi hamda mahsulot bozorgacha muammosiz yetkazib kelinishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilishi kutilmoqda. Natijada mahsulot iste'molchilarga ustama haqsiz yetib boradi.
“Ushbu tajriba so‘nggi ikki yil davomida go‘sht, baliq va parrandalar segmentida ayniqsa yaxshi natija berdi. Misol uchun, fermerlar mazkur davr mobaynida 604 tonna baliq, 9 ming tonna go‘sht, 488 milliondan ortiq tuxumni arzon narxlarda sotishdi. Ko‘rsatkichlarni mana shu yilda sezilarli darajada oshirish rejalashtirilmoqda”, - deya xabar beradi manba.

Shuningdek, Navro‘z, Mustaqillik bayrami, Yangi yil va boshqa bayramlar vaqtida arzon narxlardagi maxsus dehqonchilik yarmarkalarini tashkillashtirish kampaniyasi davom ettiriladi.

Yaxshi natija ko‘rsatgan yana bir mexanizm - “Elga xizmat” ko‘tara savdo qilish tashkilotining faoliyati kengaytiriladi. Uning bo‘limlari poytaxtning har bir bozorida ish yuritmoqda. Ular orqali o‘tgan yili qiymati 41,5 milliard so‘mlik 17 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotilgan, mazkur summaning 74 foizi naqd pulsiz, bank kartalari orqali to‘langan.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, savdo normalariga rioya etishni nazorat qilish uchun “Toshbozorsavdo” uyushmasi bozorlarda 2,3 mingdan ortiq nazorat tarozilarini o‘rnatgan, ulardan har bir xaridor bepul foydalanishi va sotuvchi aytgan vaznni tekshirib ko‘rishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, sotib olingan mahsulotingiz nazorat tarozisida kam chiqqudek bo‘lsa, O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga shikoyat xati bilan murojaat qilishingiz yoki uning “ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: