Qo‘yliq ulgurji bozori yangi kompleksga ko‘chib o‘tadi

O‘zbekiston 17:16 / 17.02.2016 10712

2016 yilning oxiriga qadar Qo‘yliq ulgurji oziq-ovqat bozorini yangi qurilayotgan binolar kompleksiga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Bu haqida 17 fevral kuni poytaxt hokimiyatida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Toshbozorsavdo” uyushmasi rahbari Sohibjon Ne'matullayevga asoslanib, gazeta.uz xabar qilgan.

Yangi majmuaning loyihasi tayyor, unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Toshkentga olib keladigan ulgurji sotuvchilar uchun mehmonxona qurish ham ko‘zda tutilgan. Hozirgi ulgurji bozor ochiq osmon ostida joylashgan, yangi kompleksda esa ulgurji sotuvchilar yopiq binolarda joylashishlari qayd etilgan.

Uyushma rahbari poytaxt qishloq xo‘jaligi bozorlaridagi narx siyosati haqida gapirdi. “Shaharliklar hozirda bayram va bayramoldi kunlarida bozorlarda narxlar oshib ketmayotganini aytishmoqda... Bunga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasini o‘tkazish orqali erishildi. Yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami munosabati bilan bunday yarmarkalar poytaxtning barcha 12ta dehqon bozorlarida o‘z ishini boshlaydi ”, - dedi Ne'matullayev.

Ma'lumot uchun, “Toshbozorsavdo” uyushmasi 21ta dehqon bozorlarini o‘z ichiga oladi: ular 12ta dehqon bozori, bitta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori, 2ta maxsus bozor va 6ta savdo kompleksidan iborat. Bundan tashqari, 60ta kichik bozor (filiallar) faoliyat yuritmoqda. Ularning umumiy maydoni 140 ga ni tashkil etadi.

Toshkent bozorlari va savdo komplekslarining daromadi o‘tgan yili 130,3 milliard so‘mni tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: