Iroqning IShIDdan ozod qilingan hududlariga 500 mingdan ko‘proq iroqlik qaytib kelgan. Bu haqda BMTning Iroqdagi maxsus elchisi Yan Kubish ma'lum qildi. Uning aytishicha, 2016 yilda yana 900 ming iroqlik qaytishi kutilmoqda.
Kubishning ta'kidlashicha, ozod qilingan hududlardagi vaziyatning barqarorlashishi va ichki qochqinlarning bu hududlarga xavfsiz qaytishi Iroq inqirozini tartibga solish istiqboli uchun katta ahamiyatga ega. Shu sababli Kubish Tikrit shahrini tiklash bo‘yicha muvaffaqiyatlarga e'tiborni qaratdi. Uning aytishicha, bu shaharga aholining 90 foizi, ya'ni 167 ming kishi qaytib kelgan.
Kubishning ma'lum qilishicha, Iroq xavfsizlik kuchlari boshqa davlatlar ko‘magida IShID jangarilaridan hududlarni ishonchli tarzda qaytarib olmoqda. Uning aytishicha, bir qator muhim hududlar ustidan nazoratning qaytarilishi "iroqliklarga ularning davlati IShIDdan ozod qilinishi mumkinligiga ishonch berdi".
Kubish odamlarning uylariga qaytishlariga xalaqit berayotgan omillar orasida IShID tomonidan qo‘yib ketilgan "katta miqdordagi qo‘lbola portlovchi moddalar"ni aytib o‘tdi. Kubish, shuningdek, terrorchilardan ozod qilingan hududlardagi vaziyatni barqarorlashtirish, shu jumladan politsiya ishini tiklash uchun zarur mablag‘larning yetishmayotganligini ta'kidlab o‘tdi.
Kubish Iroqdagi gumanitar inqirozga to‘xtalib, 2016 yilda vaziyat yanada murakkablashishi mumkinligidan ogohlantirdi. "Bugungi kunda nafaqat 3,3 mln ko‘chib o‘tgan odam, balki 10 mln iroqlik, ya'ni mamlakatning uchdan bir aholisi turli ko‘rinishdagi gumanitar yordamga shoshilinch ehtiyoj sezmoqda", deb aytdi Kubish. U qolgan davlatlarni yanvar oxirida gumanitar tashkilotlar Iroqda 2016 yilda gumanitar operatsiyalarni moliyalashtirish uchun so‘ragan 861 mln dollarni ajratishga chaqirdi.