Xitoyning «Shanxay Ist Eysha» jamoasi Argentinaning «Boka Xuniors» jamoasi bilan Karlos Tevesni transfer qilish xususida muzokara olib borgan. Bu haqda Ole nashrida yozilgan.
Shanxayliklarni ayni vaqtda shvetsiyalik taniqli mutaxassis Sven-Yoran Eriksson boshqarmoqda. Jamoa rahbariyati esa OChLda munosib ishtirok etish uchun tarkibni kuchaytirishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda tarkibga Asamoa Gyan va Elkeson kabi legionerlar jalb etilgan va bu transferlar uchun 25 mln yevrodan ortiq mablag‘ sarflangan.
Xitoyliklar jamoasi Tevesga 22,5 mln yevro maosh to‘lashni nazarda tutuvchi bir yillik shartnoma taklif qilgan. Lekin u bu taklifni rad etgan. U «Boka Xuniors»ga sodiqligini, aynan shu jamoada o‘ynashni istagani uchun Yevropani tashlab kelganini bildirgan.
Joriy mavsumda Teves o‘zini tarbiyalagan bu jamoa safida 12ta o‘yin o‘tkazgan va 5ta gol urib, 4ta sariq kartochka ishlagan.