O‘zbekistonlik taniqli aktyor Javohir Zokirov "Ulug‘bek" nomli yangi tarixiy filmda suratga tushmoqda. Uning o‘zi Feysbukdagi sahifasida tarixiy siymo ko‘rinishidagi suratini joylashtirgan.
U jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusida bu surat "Ulug‘bek" nomli yangi tarixiy filmga oidligi, o‘zi bu kartinada Abdulatif rolini ijro etayotgani haqida aytgan. Aktyor film haqida batafsil ma'lumot bera olmasligini bildirgan.
Javohir Zokirovning Twitter va Instagram ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida Xivadagi suratga olish ishlari jarayoni aks etgan ko‘plab suratlar va videolar e'lon qilingan.
Suratlardan ko‘rish mumkinki, filmga Gollivudda ijod qilib, tajriba orttirgan o‘zbekistonlik Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorlik qilmoqda.
Shuningdek, surat va videolarda aktyor Ma'ruf Otajonovni ham ko‘rish mumkin. U filmda Amir Temur rolini ijro etayotgani taxmin qilinadi.
Suratga olish jarayonidan olingan boshqa suratlar "Odnoklassniki.ru" ijtimoiy tarmog‘ida ham tarqalgan.