Asad: Suriyada o‘t ochishning to‘xtatilishi tomonlarni qurolni qo‘llashdan to‘xtata olmaydi

Jahon 08:38 / 16.02.2016 3009

Suriya prezidenti Bashar Asad Suriya milliy telekanali efirida istalgan o‘t ochishning to‘xtatilishi tomonlardan har biri qurolni qo‘llashdan to‘xtashini anglatmasligini aytdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi.

"O‘t ochish va harbiy operatsiyalarni to‘xtatish haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yuz bergan taqdirda ham tomonlarning qurolni qo‘llashdan to‘xtashini anglatmaydi", deb aytdi Asad.

Asadning aytishicha, o‘t ochishning to‘xtatilishi birinchi navbatda terrorchilarning o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab olishiga qo‘l kelishi mumkin. "Qurol-aslaha, terrorchilarning ko‘chishi yoki pozitsiyalarini mustahkamlashiga yo‘l berilmaydi", deb aytdi Asad.

Avvalroq BMTning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Staffan de Mistura Damashqqa kelgani va bu yerda Myunxendagi uchrashuvni davom ettirish maqsadida Suriya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashishi ma'lum qilingandi. Myunxenda tomonlar Suriyaga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishgan.

Ko‘proq yangiliklar: