Suriyada "urushdan g‘alaba qozonishdan boshqa tanlov yo‘q", deb aytdi Suriya prezidenti Bashar Asad va mamlakatni jinoiy to‘dalardan ozod qilish uchun "katta haq to‘lashga to‘g‘ri kelishidan" ogohlantirdi.
Asad "G‘arb terrorchilar birin-ketin katta talofatlar ko‘ra boshlashi va mag‘lubiyatga uchrayotganidan keyin o‘t ochishni to‘xtatish haqida gapira boshlaganini" ta'kidlab o‘tdi. Asadning aytishicha, "istalgan yarashuv jangarilarning qurolsizlantirishini nazarda tutishi kerak".
"Suriyada sodir bo‘lgan vaziyat ichki ixtilof hisoblanmaydi. Bu urush tashqaridan bir qator suriyaliklarning ko‘magida suqishtirilgan. Shuning uchun davlatga qarshi qurol ko‘targan istalgan kimsa terrorchi hisoblanadi", deb aytdi Asad. Asad yarashuv bitimlari jarayonini "aniq tamoyillar bo‘yicha" davom ettirish mumkinligini tan oldi.
Asad Suriyadagi ixtilofni siyosiy yo‘l bilan hal qilish istiqbollari xususida "Suriya terrorchilar bilan muzokara olib bormasligini" aytdi. "Bu hech qaysi davlat uchun to‘g‘ri kelmaydi va biz ham ular bilan aloqaga rozi bo‘lmaymiz", deb aytdi Asad.
Suriya yetakchisi bu bayonotni Damashqqa BMT bosh kotibining Suriya bo‘yicha rasmiy elchisi Staffan de Misturaning kelishi oldidan qildi. Italiyalik diplomat 16 fevralda Suriya rahbariyati bilan ixtilofda bo‘lgan tomonlarning yarashuv bitimini bajarish istiqbollarini muhokama qiladi.