Argentinaning «Urakan» klubi futbolchilari Venesuelada «Karakas» jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan Libertadores Kubogining birinchi saralash bosqichidagi javob o‘yinidan qaytish chog‘ida halokatga uchragach, shifoxonaga yotqizilgan futbolchi Patrisio Toransoning chap oyog‘idagi 4 barmoq jiddiy shikastlangan. Unga jarrohlik amaliyoti qo‘llashga va uning chap oyog‘idagi to‘rtta barmog‘ini qisman amputatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Bu haqda Marca nashri xabar tarqatgan.
Shuningdek, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Pablo Santelya ham operatsiya qilingan.
Jamoa shifokori Fernando Lokassoning ma'lumotiga ko‘ra, futbolchi Toranso keyinroq futbolchilik faoliyatini davom ettirishi mumkin, uning barmoqlaridan biri beshikast qolgan.
10 fevral kuni Karakas aeroporti yaqinidagi tog‘dan pastga tushish vaqtida futbolchilar bo‘lgan avtobusning tormozi ishdan chiqib qolgan va natijada avtobus ag‘darilib ketgandi.
33 yoshli Toranso 2008 yildan 2010 yilgacha «Urakan» jamoasi uchun o‘ynagan, 2014 yilda yana jamoaga qaytgandi. U jamoa safida o‘tkazilgan 107ta o‘yinda 14ta gol urgan. U Argentina termasi safida 2 marta maydonga tushgandi.