Rossiya kompaniyasi dunyodagi eng yaxshi vezdexodni yaratdi

Fan-texnika 11:04 / 12.02.2016 10779

Internetda Peterburg kompaniyasining Sherp nomli qor va botqoqlikda yura oluvchi vezdexodi tasvirlangan video paydo bo‘ldi. Mashina Aleksey Garagashyan tomonidan loyihalangan. Vezdexod kamida 3 mln 850 ming rublga baholandi. Ko‘plab xorijiy nashrlar vezdexod haqida ma'lumot berib o‘tishdi, avtomobillar haqidagi Jalopnik blogi esa uni "dunyodagi eng yaxshi vezdexod" deb atadi.

2015 yilda yaratilishi boshlangan vezdexod o‘ta past bosimli kamerasiz shinalar va g‘ildiraklarga dam berishning maxsus tizimi, friktsionlar burilishi mexanizmi va yuqori ishonchlikdagi disk tormozi bilan jihozlangan.

"Sherp"ning bosh afzalligi uning "pnevmosirkulyatsion" podveskasi hisoblanadi. Barcha shinalar o‘zgartiriluvchi kesimga ega havo kanallari bilan bog‘langan, ularni germetik yopish holatigacha boshqarish mumkin. Buning evaziga vezdexod to‘siqqa bir shina bilan chiqayotganda bosim barcha g‘ildiraklar orasida bir tekisda taqsimlanadi va ularga kuchliroq deformatsiyalanishga imkon beradi.

"Bu vezdexodsozlikning yangi yo‘nalishidir. "Sherp" a'lo darajada suzadi, u uchun istalgan botqoqlik to‘siq bo‘la olmaydi. Vezdexod suvdan muzlikka a'lo darajada chiqadi, 70 santimetrgacha balandlikdagi to‘siqlarni, xoh u tosh bo‘lsin, xoh ag‘anagan daraxt bo‘lsin, bemalol kecha oladi. Biz bu vezdexodda hali odam oyog‘i yetmagan joylarga bora oldik. Biz Tundra va Tayganing eng olis burchaklariga, Kolsk tog‘lari va Yugra botqoqliklariga bora oldik va bu vezdexodda o‘tib bo‘lmaydigan birorta joyni topa olmadik", deb aytilmoqda kompaniyaning rasmiy saytida berilgan model ta'rifida.

Vezdexod Kubota firmasining 1,5 litrli, 44 ot kuchi beruvchi dvigateli hamda Sachs firmasining 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Vezdexodning quruqlikda maksimal tezligi 45 km/soatni, suvdagi tezligi 6 km/soatni tashkil qiladi. Yoqilg‘i sarfi soatiga 2-3 litrni tashkil qiladi. "Sherp" klirensi (mashina tubidan yo‘l qoplamasigacha bo‘lgan masofa) 600 mm ni tashkil qiladi. Ikki o‘rindiqli vezdexod 1 tonnagacha yuk ko‘tara oladi, o‘zining og‘irligi esa 1300 kg ni tashkil qiladi.

Mashinaning standart jihozlanishiga tent, galogen faralar, 58 litrlik yoqilg‘i baki, xavfsizlik kamarlari va yoylari, kuzovdan suvni oqizib yuborish uchun shtutserlar va qo‘l tormozi kiradi. "Sherp"ning top versiyasi 4 mln 100 ming rublga baholangan. Uning jihozlanishiga amortizatorli, yuqoriga ochiluvchi eshikka ega issiq, germetiklangan kuzov va yumshoq mebelga ega transformatsiyalanuvchi salon kiradi.

Qo‘shimcha jihozlar sifatida 90 vattlik diodli faralar, 60 amperlik generator, avtonom isitgich, tirkama va g‘ildiraklarga joylashtiruvchi qo‘shimcha yoqilg‘i baklari (har biri 50 litrdan) taklif qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: