Bundesliga o‘yinlarida videotakrorlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar tarqatgan.
Germaniya futbol ligasi (DFL) futbol o‘yinlari davomida tajriba sifatida videotakrorlardan foydalanishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan. Hozircha bu sinov muddati 2 yil uchunligi va keyingi mavsumdan joriy qilinishi aytilgan.
Yaqin vaqt ichida DFL FIFAga bu loyihani ma'qullashni so‘rab, murojaat qiladi. Qayd etilishicha, birinchilik o‘yinlarida qo‘shimcha hakam maxsus monitor orqali o‘yinni tomosha qilib, bosh hakamga qaror qabul qilishda yordam berib boradi.
Liga rahbariyati bu tajriba qanchalik qo‘l kelishini amalda sinab ko‘rmoqchi. Shu bilan birga bu yangilik o‘yinlar tempi tushishiga olib kelmasligiga umid qilinmoqda.
Bundan oldinroq, NBAda videotakrorlarni kuzatib turuvchi to‘rtinchi hakam paydo bo‘lgani haqida xabar berilgandi.