Mamlakatimizda «Sog‘lom ona-sog‘lom bola» tamoyili asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb atalishi ham bu ishlarni uzviy davomi bo‘ldi.
Ayni paytda jami 185 statsionar o‘ringa mo‘ljallab qayta rekonstruksiya qilingan Jizzax viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 9 ta bo‘lim faoliyat yuritmoqda. Yaqinda yangi 20 o‘rinli chaqaloqlar bo‘limi tashkil etildi. U yerga Germaniya bilan hamkorlikda eng so‘nggi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatildi.
E'tiborlisi markazning “Chaqaloqlar va reanimatsiya” bo‘limida eng so‘nggi rusumdagi moslamalar shifokorlarga yaqinda yordamchi bo‘lib kelmoqda. Ushbu moslamalarning ichida erta tug‘ilgan chaqaloqlarni saqlaydigan moslama “Kuvez” ko‘plab erta tug‘ilgan bolalarni hayotga qaytarmoqda.
“Kuvez” fransuzcha so‘z bo‘lib inkubator degan ma'noni anglatadi. Ushbu moslama muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni saqlash uchun ishlatiladi. Uning ichidagi muhit ona qornidagi muhitni ta'minlab beradi. Moslama ichidagi harorat 33 dan 38 gradusgacha issiqlikni berib, havo namligi 85 dan 100 foizgacha, kislarod esa 33-60 foiz atrofida bo‘ladi. Moslama ichida gudakni ustida xechqanday mato, kiyim bo‘lmaydi. Bola parvarishini moslamaga o‘rnatilgan maxsus jihozlar kuzatib boradi. “Kuvez”ga asosan 1,5 killogramdan kam bo‘lgan chaqaloqlar saqlanadi. Agarda bola 1000 gram tug‘ilgan bo‘lsa moslamadagi harorat 40-45 gradusgacha ko‘tariladi.
Shuningdek, bo‘limda chaqaloqlarga suniy nafas berish moslamalari ham bo‘lib, ko‘plab gudaklarni hayotga qaytarmoqda.
-2015 yilda bo‘limimiz viloyat bo‘yicha 2868 nafar chaqaloqlarni dardiga davo bo‘lib, ularni hayotga qaytardik,- deydi bo‘lim boshlig‘i G‘olib Begmatov.
Jizzaxdan “Kun.uz” muxbiri
Akmal Binokulov