Turkiya g‘arbidagi Manisa viloyatida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi 44 yoshli Turkon Egribo‘yin kutilmagan muammoga duch keldi. U eshak boqadi hamda eshak suti sotadi. Bu mahsulot Turkiyada borgan sayin ommalashmoqda. Ammo u o‘z biznesini rivojlantirishda qiyinchiliklarga duchor bo‘lmoqda.
Buning asosiy sababi urg‘ochi eshaklarning narxi keskin oshib ketishidir. Ilgari jonivorlarni 200 lira (68 dollar) evaziga xarid qilish mumkin edi, hozir esa narx ming liraga (340 dollar) ko‘tarilgan.
“Odatda qishlog‘imizda dehqonlar bir-biriga urg‘ochi eshaklarni 200 liraga sotadi, endi esa narxi birdaniga ming liraga yetdi, - deydi ayol. – Biz butun viloyatda qidiruv olib boryapmiz, hozir, qishda ularni topish qiyin bo‘ladi”.
Turkon eshak sutining bir litrini 100 liraga (34 dollar) sotishini bilib qolgan qishloqdoshlar ko‘proq foyda ko‘rishga urinmoqda. Yevropada eshak sutining bir litri 150 yevroni tashkil qiladi.