Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda ma'lumot berilishicha, o‘tgan 2016 yilda 179 ta xo‘jalik yurituvchi sub'yekt 1 ming 300 tonnadan ziyod parhezbop mahsulot yetishtirdi. Bu haqida O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Tarmoqni yanada kengaytirish, aholining baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la ta'minlash maqsadida bu yil muvofiqlashtiruvchi viloyat ishchi guruhi tuzilib, maxsus dastur qabul qilingan. Unga muvofiq, viloyatda 83 yangi baliqchilik xo‘jaligi tashkil etiladi.
Shuningdek, yangi sun'iy suv havzalari barpo etilib, 240 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu yana 300 tonnaga yaqin baliq mahsuloti yetishtirish imkonini beradi. Buning uchun tijorat banklarining viloyat filiali tomonidan 5 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘i ajratilishi rejalashtirilgan.