Nestle doping mojarolari fonida IAAF bilan hamkorlikni to‘xtatdi

Sport 08:48 / 11.02.2016 2170

Shveytsariyaning Nestle kompaniyasi Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi (IAAF) bilan homiylik shartnomasini bekor qildi. Bunga tashkilotning doping bilan bog‘liq mojarolar qurshovida qolgani sabab bo‘ldi.

"Biz hisoblaymizki, ortiq bu tashkilot bilan hamkorlik imijimizga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shu tufayli amaldagi shartnomani muddatidan avval tugatdik", deya kompaniya vakili so‘zlaridan iqtibos keltiradi The Guardian.

Nestle 2012 yildan buyon IAAF homiylaridan biri sanalib kelinardi. Bu homiylik shartnomasi 2017 yilgacha tuzilgandi. Kompaniya tashkilot doirasidagi musobaqalarni ichimlik suvlari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlab kelgan.

Shu yilning yanvarida Adidas kompaniyasi ham IAAF bilan 2020 yilgacha amal qilishi kerak bo‘lgan hamkorlik shartnomasini bekor qilgandi. Lekin hozirgacha kompaniya logotipi uyushma saytidan olib tashlanmagan.

Uyushma atrofidagi mojarolar o‘tgan yilning yozida paydo bo‘lgandi.

Butunjahon antidoping agentligi (WADA) mustaqil komissiyasi Rossiyani antidoping qoidalarini buzishda ayblab, IAAF’ga Rossiya federatsiyasi faoliyatini to‘xtatish, shuningdek, rossiyalik yengil atletikachilarni IAAF shafeligidagi musobaqalar, jumladan, Rio-de-Janeyrodagi Olimpiada o‘yinlaridan chetlatishni tavsiya qilgandi. Avgustda Lamin Diak IAAF prezidentligidan olinib, uning o‘rnini Sebastyan Kou egalladi.

Noyabr oyida esa IAAF sobiq prezidenti Rossiyadan pora olishda gumonlanib, hibs qilindi. Shu vaqtda IAAF Rossiya yengil atletika federatsiyasini chetlatdi. Dekabrda Lamin Diak rossiyalik yengil atletikachilar dopingdan foydalanganini yashirish uchun 1,5 mln yevro to‘laganini ma'lum qildi.

2016 yilning 8 fevral kunida 4 mingdan ziyod rossiyalik yengil atletikachi, jumladan, Yelena Isinbayeva IAAF tomonidan diskvalifikatsiya qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: