«Manchester Yunayted» jamoasi futbolchilari va xodimlari yozda Joze Mourinoning jamoa bosh murabbiyligiga tayinlanishi ehtimoliga salbiy munosabatda bo‘lishmoqda.
Daily Mail nashri xabariga ko‘ra, futbolchilar va xodimlar ushbu mutaxassis avvalgi ishlagan jamoalarida turli janjallar keltirib chiqargani va muhitga yomon ta'sir ko‘rsatgani bilan tanilgani holida jamoaga taklif etilishidan norozi bo‘lishmoqda.
Bundan oldinroq, 53 yoshli ushbu mutaxassis yozda Lui van Gaalning o‘rnini egallashi va unga yiliga 20 mln yevrolik maosh tayinlanishi haqida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Mourino o‘tgan yilning 17 dekabrida «Chelsi»dagi omadsiz mavsum tufayli iste'foga chiqarilgandi. Uning o‘zi mavsum boshida londonliklar jamoasi shifokori Yeva Karneyro bilan janjallashgan va uning ishdan chetlatilishiga erishgandi. Shundan so‘ng, jamoa a'zolari murabbiydan norozi bo‘lishdi.
Daily Mail: Mourino do‘stlariga o‘zining «MYu»ga o‘tish masalasi hal qilib bo‘lingani haqida aytdi