Pishon Lab kompaniyasi TappLock nomli barmoq izi orqali ochiladigan “aqlli” qulfni taqdim etdi. Qurilma 200ta barmoq izini saqlab qolish xususiyatiga ega. Bu qulf egasining yaqinlari ham bundan foydalana olishiga imkon yaratadi.
Qurilma barmoq izini 0.8 soniyada tekshiradi. TappLock Bluetooth 4.1 moduli va mobil ilova yordamida sozlanadi. Unga 1200 mA/soat hajmli akkumulyator o‘rnatilgan. Kompaniya bergan ma'lumotga ko‘ra, bu quvvat bilan TappLock 3 yil xizmat qila oladi.
Mobil ilova qulf egasini uning ochilgani haqida xabardor qilib turadi.
Gadjyetga Indiegogo saytida 49 dollardan buyurtma berish boshlandi.
Bundan tashqari, TappLock’ning arzonroq bo‘lgan Lite versiyasi ham mavjud. U suvdan himoyalanmagan va unga bir martalik batareykalar o‘rnatilgan. Ushbu modelning narxi – 39 dollar.