BAAlik millioner Sharja shahridagi savdo markazida bir qizning 200 dirham turadigan telefonini o‘g‘irlayotgani kuzatuv kameralarida qayd qilindi. Politsiya tomonidan qo‘lga olingan erkak bu ishni nega qilganini o‘zi ham tushunmaganini tan oldi.
Sharjadagi savdo markazlarida boy insonlar tomonidan o‘g‘irlik sodir etilishi ko‘p bora kuzatilgan. Jumladan, bir boy ayol non o‘g‘irlagani shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Lekin bunday masalalarning ko‘pchiligi voqea joyida, politsiyaning aralashuvisiz hal qilinadi.
"Bunday hodisalarning aksariyati mayda o‘g‘irliklar bo‘lib, oldindan rejalashtirilmagan bo‘ladi. Lekin, bunday mayda o‘g‘riliklar sodir bo‘lishi savdo mavsumi boshlangan vaqtda ortadi va hatto har kuni ro‘y berishi ham mumkin", deydi hudud politsiyasi boshlig‘i Xalifa Abdulloh.
"Bir safar shunga o‘xshash hodisa juda hayron qolarli edi. O‘shanda bir qiz 200 dirhamlik telefonni o‘marganida qo‘lga tushgandi. Holbuki, u do‘konga 500 000 dirhamlik avtomobilda kelgan", deya eslaydi u.
Politsiya rahbari yana bir shunday holatni eslab o‘tgan.
"Bir safar bir tadbirkor ayol mahalliy supermarketdan qora non solingan paketni o‘g‘irlagan. Uni tutishganida ham u bu ishni beixiyor amalga oshirganini aytgan. Bunday holatlarning aksarida risoladagidek, biron narsaga zoriqmagan kishilar o‘g‘irlikni amalga oshirishadi. Buni ruhiy ehtiyoj deb izohlash mumkindir. Balki, undaylar shu ishni amalga oshirganlaridan keyin ichki qoniqish hosil qilishar", deydi politsiya boshlig‘i.