"GM Uzbekistan" qo‘shma korxonasi Lacetti modelining siqilgan gazda ishlovchi gaz ballonli qurilmaga ega versiyasini seriyali tarzda ishlab chiqarishni boshlaganini ma'lum qildi.
GM Korea va Landi-Renzo kompaniyalari bilan birgalikdagi loyiha doirasida avtomobil va gaz ballonli qurilmani (GBQ) kalibrovkalash ishlari bajarildi, GM global tizimi standartlari va ECE R110 (BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi) qoidalariga ko‘ra GBQning detallari va butlovchi qismlarining zaruriy sinov ishlari o‘tkazildi. Bu haqda kompaniyaning Facebook’dagi sahifasida aytib o‘tildi.
Ikki yoqilg‘ili tizimga moslashtirilgan dvigatelning optimal ishlashi uchun GM Korea bilan birgalikda avtomobilning zaruriy sinovlari o‘tkazildi. Avtomobillarga o‘rnatiladigan GBQni Italiyaning Faber (ballonlar) va "O‘zavto-Landi Renzo" QK (kapotosti qurilmasi qismlari) kompaniyalari yetkazib bermoqda.
Avtomobil GM PowerTrain Uzbekistan kompaniyasi tomonidan gazda ishlashga maxsus moslashtirilgan dvigatel bilan jihozlangan. Dvigatel kuchaytirilgan silindr-porshen guruhi va klapan mexanizmiga ega. Bundan tashqari, mashinaning yurish qismi detallari – amortizator tayanchlari, prujinalar, ko‘ndalang barqarorlik stabilizatorlari va boshqalar kuchaytirildi.
GBQ bilan jihozlangan mashina benzin va gaz bilan to‘la to‘ldirilgan holda 1130 km, jumladan benzinda 850 km va gazda 280 km yo‘l bosib o‘ta oladi (mashina gaz ballon to‘la to‘ldirilgan holda 90 km/soat tezlikda 280 km, shahar ichida 230 km yo‘l bosadi). Avtomobil agar gaz tugasa yoki benzin tugasa, avtomatik ravishda gazdan benzin iste'mol qilishga o‘ta oladi.
Muhandislar xavfsizlikka alohida e'tibor qaratishdi. Gaz balloni va reduktor o‘t oldirish yoqib-o‘chirilganda avtomatik ravishda ochib-yopiladi. Ballonning asosiy elektromagnit va qo‘shimcha klapanlari harorat va bosim ko‘tarilganda ishga tushadigan predoxranitel qurilmasi bilan jihozlangan. Agar yuqori bosim gaz trubkasi uzilib ketsa, ballon avtomatik ravishda yopiladi.
Avtomobilni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida gaz sizib chiqishini tekshirish va barcha tizimlarni diagnostika qilish bilan qattiq nazorat amalga oshiriladi.
GBQ bilan jihozlangan Lacetti narxi keyinroq ma'lum qilinadi.