Shimoliy Koreya sun'iy yo‘ldoshi bo‘lgan raketasini yer orbitasiga muvaffaqiyatli ravishda chiqargan. Bu haqda Janubiy Koreyadagi "Ryonhap" agentligi yuqori martabali amaldorga asoslanib, xabar bergan.
Qayd etilishicha, sun'iy yo‘ldoshning imkoniyatlarini o‘rganishning iloji bo‘lmagan.
Rasmiy Seulning ma'lumotlariga ko‘ra, Pxenyan shunday raketani 2012 yilda ham orbitaga chiqargan, o‘shanda uning ta'sir qilish masofasi 12 ming km ekani aytilgandi.
Shuningdek, Shimoliy Koreya qit'alararo uchuvchi ballistik raketaning harakatlanishini ta'minlovchi texnologiyaga ega emasligi ta'kidlangan.
Bundan oldinroq, «Kvanmyoson-4» sun'iy yo‘ldoshi bo‘lgan raketa Soxe kosmodromidan mahalliy vaqt bilan 9:00 da uchirilgani va oradan 9 daqiqa va 46 soniya o‘tib, qurilmani belgilangan orbitaga olib chiqqani haqida xabar berilgandi. Sun'iy yo‘ldoshda Yerni kuzatishga mo‘ljallangan telekommunikatsiya jihozlari o‘rnatilgani aytilgan.