AQShning SpaceX kompaniyasi 24 fevralda og‘ir raketa-tashuvchi Falcon 9’ni yana fazoga ko‘tarmoqchi. Raketa orbitaga 5,3 tonnalik sun'iy yo‘ldoshni olib chiqadi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Agentlik bu xabarni berishda SpaceX’ning hamkori – bosh qarorgohi Lyuksemburgda joylashgan SES kompaniyasiga tayanmoqda.
Agentlik bu xabarning tasdiqlanishini so‘rab SpaceX’ning Kaliforniyadagi bosh qarorgohiga murojaat qildi. Biroq kompaniya bunga izoh bermadi.
Tadbirkor Elon Maskning kompaniyasi 17 yanvarda berilgan orbitaga NASAning Jason-3 yo‘ldoshini muvaffaqiyatli olib chiqqandi. Biroq yo‘ldosh orbitaga olib chiqilgandan keyin, raketaning quyi bosqichini Tinch okeanidagi ulkan dengiz platformasiga tushirish muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.