"Real Sosedad"ga qarshi o‘yinning ilk daqiqalarida 2ta gol o‘tkazib yuborgan "Espanol" darvozaboni almashtirib tashlandi

Sport 08:30 / 09.02.2016 4626

Ispaniya primerosining 23 turi doirasida "Real Sosedad"ni qabul qilgan "Espanol" jamoasi 0:5 hisobidagi yirik mag‘lubiyatga uchradi.

O‘yinda futbolda kam kuzatiladigan hodisalardan biri, darvozabonning yaxshi sport formasida emasligi tufayli almashtirilishi bo‘ldi. Jamoaning litvalik yangi darvozaboni Gedryus Arlauskis o‘yinning 3 va 8 daqiqalarida qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Har ikki holatda ham basklar jamoasi hujumchilari Jonatas va Karlos Vela to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ygan darvozabonni osonlik bilan dog‘da qoldirishdi. Dastlabki daqiqalarda 2ta gol o‘tkazib yuborgan mezbonlar shundan so‘ng o‘zlariga kela olishmadi. Kataloniyaliklar bosh murabbiyi Konstantin Gilke birinchi taymdan keyin "aybdor"ni maydonga qaytarmaslikka qaror qildi va uning o‘rniga ikkinchi darvozabon Pau Lopesni tushirdi. Lekin u ham ikkinchi taymda o‘z darvozasidan 3ta gol olib chiqdi.

Qayd etish kerakki, Arlauskis qishki transferlar vaqtida "Uotford"dan ijaraga olingandi. U jamoadagi ilk uchrashuvini o‘tgan haftada "Real"ga qarshi o‘tkazgan va o‘shanda darvozasidan 6ta gol olib chiqqandi.

Ayni vaqtda "Espanol" 22 ochko bilan 17 o‘rinda turibdi. Jamoa 23 tur o‘yinida 20ta gol urgan va 46 ta o‘tkazib yuborgan.

"Espanol" – "Real Sosedad" – 0:5 (0:2)
Gollar: Jonatas, 5 (0:1). Vela, 8 (0:2). Oyyarsabal, 52 (0:3). Reyyes, 55 (0:4). Jonatas, 90 (0:5).
"Espanol": Arlauskis (Pau Lopes, 46), Siani, Xavi Lopes, Viktor Alvares, Alvaro Gonsales, Fuentes (Salva Sevilya, 54), Diop, Peres (Burgi, 46), Xoan Xordan, Asensio, Moreno.
"Real Sosedad": Ruli, Mikel Gonsales, Martines, Reyyes (Xabi Priyeto, 72), Ektor Ernandes, Saldua (De la Belya, 82), Ilyarramendi, Pardo, Vela, Jonatas, Oyyarsabal (Bruma, 76).
Ogohlantirishlar: Diop, 19. Saldua, 79. Jonatas, 90+1.

Ko‘proq yangiliklar: