Tug‘ilib o‘sgan go‘sha, ona-Vatan inson uchun eng mo‘'tabar makon. Uning qaynoq taftini, qadrini hech narasa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Shu bois uni asrab-avaylash, tinch va osudaligi, ravnaqi yo‘lida mehnat qilish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Yurtimizdagi ulkan o‘zgarishlar, yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalangan minglab vatandoshlarimiz bunyodkorlik borasida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ularning mehnati bilan bunyod etilgan imoratlardan ko‘z quvnaydi, zamonaviy talablar darajasida tayyorlangan mahsulotlardan bahramand bo‘lar ekanmiz, dilimizda shukronalik tuyamiz. Yurtimizda tadbirkorlikka qo‘l urgan inson borki, ro‘zg‘ori butlanib, mehnatu layoqatiga yarasha mulk egasi bo‘ladi. Bu dunyoda har bir kishi farovon turmush kechirishni istaydi.
Binobarin, xorijiy mamlakatlarga ketayoganlarni iqtisodiy nochorlik undayapti, deb bo‘lmaydi. Chunki dunyodagi xalqi baxtli mamlakatlar o‘ttizligiga kirgan yurtimizda mehnat qilishni istagan har qanday inson uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.
Nafs insonni hamisha halokat yoqasiga yetaklagan. Oson pul topish, mo‘may daromad orttirish zamirida ham nafs qutqusi yotadi.
Darhaqiqat, mol-dunyo tashvishiga tushgan insonlar bandilik zanjirini bo‘yinlariga taqib, qo‘llarida esa puldan yasalgan kishan bilan huzur-xalovat topishyapti. U qalblarga shunday yara toshtiradiki, uning aslo davosi yo‘q. Eng achinarlisi, mana shu molu dunyoga qul bo‘lishni ixtiyor qilib, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon yurgan insonlarning aksariyati o‘z yurtiga hech vaqosiz va hatto yarim jon xolatda qaytib kelmoqda. O‘zga yurtlarda mardikorlik qilayotganlar orasida aroqxo‘rlik, qimor o‘ynash, fohishabozlik kabi illatlar tobora odat tusiga kirib bormoqda. Bu esa yaxshi axloq va tarbiya ko‘rib o‘sgan musulmon yigitlarning vatanga bezori, axloqsiz bo‘lib, ayniqsa OITS kabi og‘ir dardi bedavo kasalliklarini yuqtirib olishiga sabab bo‘lmoqda.
Afsuski hanuzgacha ayrim insonlarning “xorijda oson, mo‘may pul topish mumkin” degan yolg‘on gaplariga uchib, bugun o‘zga yurtlarda sarsonu sargardon bo‘lgan vatandoshlarimiz pistirma qo‘yib, payt poylab yotgan terrorchilar domiga ilinmoqda. Shunday toifalardan biri – IShID (Iroq va Shom islom davlati) bo‘lib, bu xatarli terrorchi guruhning tarkibida yuz minglab jangari bo‘lib, aksariyati chetdan yollangan nafs qullaridir.
Bu borada yaqinda «Movarounnahr” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Internetdagi tahdidlardan himoya” nomli kitobda ana shunday alamli azoblarni boshidan kechirgan bir yigitning afsus-nadomatlari quyidagicha keltirilgan.
- “Kunlarning birida ayrimlar kabi men ham “Chet elda ishlab, oson pul topish va tez boyish” fikriga tushib qoldim. Shu maqsad bilan Sankt-Peterburg shahriga bordim. U yerda meni ukam Shavkat kutib oldi. Ishga joylashib, oilamning moddiy ahvolini yaxshilashga ishtiyoqim kuchli edi. Ammo u yerdagi hayot men o‘ylaganchalik oson emas ekan. Ukam Shavkat va atrofidagilar allanimanidir rejalashtirar, tundan tonggacha suhbatlashib, kunduzlari esa uyqudan bosh ko‘tarishmasdi.
Shunday kunlarning birida telefonimga Niso surasining 97-oyatini o‘qing, degan xat kelib qoldi. Xatning davomida, hijrat qilishga oid so‘zlar yozilgan ekan. Men bu oyat mazmunini ukam Shavkatdan so‘radim. Ukam va uning sheriklari menga bu oyatning mazmunini sharhlab, xalifalikka asoslangan Islom davlatini barpo qilish zarurligini aytishdi.
Shu tariqa men ham ularning da'vatlariga qiziqadigan va internet orqali bo‘ladigan muloqotlarni intizorlik bilan kutadigan bo‘ldim. Nihoyat, men ukam bilan birga jihod qilishga tayyorgarlik ko‘rish va Suriyada bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda bevosita ishtirok etish maqsadida Istanbul shahriga yo‘l oldik. Istanbuldan Urfaga, so‘ngra chegarani buzgan holda simto‘rlar tagidan Suriya hududiga o‘tdik. Suriyada bo‘layotgan qonli to‘qnashuvlarda ishtirok etib, ukamdan ayrildim.
U yerda ko‘rgan qora kunlarim mening ko‘zimni ochmadi. Qariyb besh oy sarson-sargardonlikda yurganimdan keyin ortga qaytishga qaror qildim. Maqsadim yurtimga kelib, halqni jihod qilishga targ‘ib etish edi. Suriyadan chegarani buzgan holda Urfaga o‘tib, u yerdan Istanbul shahriga yetib oldim. Istanbuldan Qirg‘iztonga kelib, O‘sh orqali Farg‘ona vodiysiga o‘tib oldim. Ona-Vatanim O‘zbekiston tinchligini, odamlarning xotirjam yashayotganini ko‘rib quvondim, lekin shundan ham ko‘zim ochilmaganidan afsusdaman.
Men bugun sudning qora kursisida o‘tirib, bir narsani aytmoqchiman. Aslida men zulmat olamidan nur izlabman, oyog‘im ostida turgan nurli va charog‘on yo‘lni ko‘rmasdan oxiri yo‘q, boshi berk ko‘chaga kirib qolganimni bilmagan ekanman”.
Sir emaski, bugungi kunda ba'zilar turmushida uchraydigan ayrim sinovlarga sabr-toqat qilolmay yuqoridagi yigit singari buzg‘unchi guruhlarning aldovlariga uchib, o‘zini qurbon qilayapti.
Islom dini ta'limotida, umr insonga berilgan eng ulug‘ ne'mat ekani, uni asrash, unga hiyonat qilmaslik keragligi ta'kidlangan. Alloh taolo insonga ato etgan jon omonat ekanligini unitmaylik.
Yaqin kunlarda barchamiz zangori ekran orqali namoyish etilgan “Qarz qiyomatga qoldi” hujjatli filmni ko‘rdik. O‘z farzandi tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lgan noshud ota-onalarning men bolamni yedirib-ichirish, boshqalardan kam qilmaslikka zo‘r beribmanu, biroq oila davrasida ma'naviy tarbiya haqida bir marotaba ham gapirmagan ekanman. Farzandimga oila, ona-Vatan tuyg‘usini singdira olmagan ekanman, deb qilgan faryodi barchaning nafratini qo‘zg‘adi. Aslida shu ota-onalarning o‘zi tarbiya berish o‘rnida sen ham boshqalarga o‘xshab xorijga bor pul topib kel, degan emasmi? Yoki aksincha bolasining mo‘maygina puliga uchib, uning qayerda kim bilan ekanini surishtirmagan shular emasmi?..
Ko‘p pul topish ilinjida, vatanidan uzoqqa ishlashga ketayotganlar ana shu achchiq haqiqat to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘rsalar, yaxshi bo‘lar edi. Xalqimizda ajoyib bir naql bor “Har yerni qilma orzu, har yerda bor toshu tarozu”. Shu o‘rinda ulug‘ zotlardan Ibrohim Adham hayotida ro‘y bergan voqeani aytishni maqul deb topdim.
Ibrohim Adham do‘stlari bilan kemada safarga chiqqan edi. Birdan dengizda kuchli shamol turdi. Odamlar sarosimaga tushib: “Taqsir, bu falokatni ko‘rmayapsizmi?” deyishdi. Ibrohim Adham: “Allohga qasam, hali bu falokat emas, haqiqiy falokat – odamlarning qo‘liga qaram bo‘lib qolishdir”, dedilar. Qarang, kemada ketayotgan Ibrohim Adham dengizdagi shiddatli, dahshatli to‘fondan ham ko‘ra, odamlarga qul bo‘lib qolish yomon falokat ekanini uqtirmoqda.
Shukurki, yurtimiz tinch, halol mehnat qilib, yashayman, degan odam uchun hamma imkoniyat bor. Kishini hayron qoldiradigan jihati, o‘z yurtida ishlab, pul topishga eringan odam o‘zga elda nimani uddalay olar ekan.
Baxtni chetdan izlab, adashmang! Baxt o‘z yurtingizda. Faqat uni asrash, e'zozlash, oilamiz, farzandlarimiz, xalqimiz bilan birga undan bahramand bo‘lishimiz kerak.
Umid XODJAYeV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Manba: muslim.uz