Shimoliy Koreya tomonidan 7 fevralda uchirilgan sun'iy yo‘ldosh nosoz ahvolda: u orbitada umbaloq oshib yotibdi va signallar uzatmayapti. Bu haqda 9 fevralda AQSh harbiy manbalariga iqtibos keltirgan holda CBS telekanali ma'lum qildi.
Orbitaga olib chiqilgan qurilma 100 kg keladi. U taxminan 480 km balandlikda joylashib, shimoldan janubga tomon harakatlanmoqda. Biroq uning orbitasi beqaror, deb aytmoqda telekanal.
Pxenyanning ta'kidlashicha, yo‘ldosh ob-havo sharoitlarini kuzatish, foydali qazilmalarni topish, yerga o‘rmonlar haqida ma'lumotlarni berish uchun mo‘ljallangan. Bu ma'lumotlar mamlakat qishloq xo‘jaligiga yordam berishi kerak. Biroq yo‘ldosh hozircha hech qanday signallar uzatmagan.
Shimoliy Koreyaning ta'kidlashicha, avvalgi yo‘ldosh Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen va uning o‘g‘li Kim Chen Ir haqida qo‘shiqlar uzatgan. AQShlik harbiylar buni inkor etishmoqda, o‘sha yo‘ldosh ham ishlamagan.
Pxenyan uchirilgan yo‘ldoshning 4-yo‘ldosh ekanligini aytmoqda. AQSh razvedkasi esa faqat ikkitagina yo‘ldosh uchirilganini ta'kidlamoqda, avvalgisi 2012 yilda uchirilgan.
Kwangmyongsong-4 (Yorqin yulduz-4) yo‘ldoshi 7 fevralda orbitaga uzoq masofaga uchuvchi raketa orqali orbitaga olib chiqilgan.
Jahon hamjamiyatida yo‘ldoshning uchirilishi BMT Xavfsizlik kengashining Shimoliy Koreyaga ballistik texnologiyalar qo‘llagan holda raketalar uchirishini taqiqlovchi rezolyutsiyasining buzilishi deb qabul qilindi. O‘sha kuniyoq yig‘ilgan Xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyaning bu harakatlarini qoraladi va "jiddiy javob choralari" ko‘rishga va'da berdi.