7 fevral kuni bir guruh samarqandlik tadbirkorlar shahardagi “Saxovat uyi” qariyalar va nogironlar internatiga tashrif buyurishdi. Bu yerda istiqomat qilayotgan qariyalarning ko‘ngillarini so‘rashdi. Ularning yashash sharoitlari bilan tanishishdi. Tushlik payti qariyalar uchun palov damlanib, dasturxon yozildi.
Tadbir bu maskanda yashab o‘tgan kishilarning ruhlariga bag‘ishlangan Qur'on tilovati bilan boshlanib, hozirda bu yerda istiqomat qilayotganlar, ularga xizmat qilayotganlarning haqlariga duolar qilindi.
“Saxovat uyi” direktori Tolibjon Saidov shunday dedi:
− Hozir “Saxovat uyi”mizda 137 kishi istiqomat qilmoqda. Barchalariga uylaridagidek sharoit yaratib berishga harakat qilmoqdamiz. Shifokorlarimiz muttasil ravishda ularning salomatliklarini nazorat qilib turishadi. Oshpazlarimiz ularning ko‘ngillari tusagan taomlarni pishirib berishadi. Barcha bayramlarni, atoqli kunlarni jam bo‘lib nishonlaymiz. Bizning “Saxovat uyi”mizga savobtalab insonlar tez-tez tashrif buyurib turishadi. Otaxon, onaxonlar uchun bayramlar, ziyofatlar, konsertlar uyushtirishadi. Hozir “Saxovat uyi”mizda katta ta'mirlash ishlari bo‘layapti. Kontsert va tomoshalar uchun hozirgidan ancha katta bino qurilayapti.
“Saxovat uyi”dagi otaxon va onaxonlar saxovatli mehmonlarga minnatdorchilik bildirdilar. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 93 yoshli Hodi Azizov uzoq duo qildi:
− Bizni e'zozlab kelganlarni Alloh izzat qilsin! Bizlar uchun sarf qilganlarining biriga yuz qilib bersin! Qalblarida bo‘lgan barcha ezgu tilaklariga yetkazsin, murodlari hosil bo‘lsin! Bular kabi savobtalab insonlar ko‘paysin! Biz bu insonlarning saxovatidan ko‘nglimiz ko‘tarilib, xursand bo‘ldik, Alloh bularni ikki dunyoda xursand qilsin!
“Saxovat uyi”ga tashrif buyurgan tadbirkorlar qariyalar bilan suhbatlashib, ularning nimalarga ehtiyojlari borligini surishtirib olishdi. Keyingi hafta ular so‘ragan narsalarni, kimga televizor, kimga radio, kimga issiq kiyim, kimgadir esa kitoblar olib kelishga qaror qilishdi.