7 fevral kuni Rossiya poytaxti Moskva shahridagi uylarning biridagi chiqindi quvuridan yangi dunyoga kelgan go‘dak tashlab yuborilgan. Rossiyaga yarim yilcha muqaddam ishlash uchun kelgan tojikistonlik Hamid ismli hovli tozaluvchi xodim (dvornik) uni topib olib, hayotini saqlab qoldi.
Hamidning LifeNews`ga ma'lum qilishicha, chiqindi quvuri yaqinidan o‘tar ekan, juda past ovozdagi chiyillashga o‘xshash yig‘ini eshitadi. Chiqindi idishidan esa yaqindagina dunyoga kelgan go‘dakni topib oladi. U go‘dakni ustki kiyimiga o‘rab, maxsus xizmat vakillariga zudlik bilan xabar qiladi.
Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, go‘dak beshinchi qavatdan chiqindi quvuri orqali tushishda bosh miya chanog‘idan jarohat olgan. Bolani dunyoga keltirgan ayol qo‘lga olindi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan 38 yoshli ayol ham Tojikiston fuqarosi bo‘lib, nikohsiz tug‘ilgan boladan qutulish uchun shu yo‘lni tanlagan.
Mazkur ish yuzasidan Rossiya Federatsiyasining tegishli qonunchiligi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.