Qozog‘iston Eronga lokomotivlar eksport qilishni rejalashtirmoqda

Iqtisodiyot 19:57 / 08.02.2016 4202

Qozog‘iston Eronga lokomotivlar eksport qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb ma'lum qildi Qozog‘istonning "Bayterek" milliy xolding kompaniyasi raisi Quandiq Bishimbayev, deb yozmoqda "Interefaks" axborot agentligi.

"Bugun Eronga Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan lokomotivlarni eksport qilish muhokama qilinmoqda. Qozog‘iston taraqqiyot banki eksport moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etmoqda", deb ma'lum qildi Bishimbayev Tehronda bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston-Eron biznes-anjumanida jurnalistlarga.

Xolding rahbari 2015 yilda Qozog‘iston lokomotivlari Ozarbayjonga yetkazib berilganini eslatib o‘tdi. Eksport operatsiyasi moliyalashtirilishi xoldingning sho‘'ba korxonasi – Qozog‘iston taraqqiyot banki orqali amalga oshirilgan.

Bishimbayev Eron bilan eksport operatsiyasi ham shu sxema bo‘yicha moliyalashtirilishi mumkinligini aytdi. Uning aytishicha, Kentau transformator zavodi ham anjuman vaqtida o‘ziga eronlik hamkorlar topgan.

Qozog‘istonning lokomotivlar ishlab chiqaruvchi zavodi "Lokomotiv kurastyru zauyty" AJ 2009 yilda tashkil topgan. Korxonaning 50 foiz aksiyasi "Kazaxstan temir joly"ga va qolgan 50 foizi Rossiyaning "Transmashxolding" YoAJga tegishli.

Ko‘proq yangiliklar: