5 fevral, juma kuni ertalab soat 05:10 da Virjiniya shtatida sodir bo‘lgan YTHda o‘zbekistonlik Xurshid Bozorov olamdan o‘tdi. Bu haqda Whsv.com internet-nashriga tayanib «Qalampir» nashri xabar tarqatdi.
Virjiniyaning I-81 shimoliy yo‘lida Volvo yuk tashuvchi avtomobilini boshqarib kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi noma'lum sabablarga ko‘ra yo‘lning chap tomoniga chiqib ketib, yo‘l chetidagi to‘siqqa urilgan. Zarb natijasida bir necha tonnalik yuk tashuvchi mashina ag‘darilib ketgan va yo‘lning o‘ng tomoniga sirg‘alib borgan. Avtohalokat oqibatida 30 yoshli Xurshid Bozorov voqea joyida vafot etdi. Taxminlarga ko‘ra, haydovchi yuk mashinasini boshqarib ketayotgan mahal uxlab qolgan.
Manbaga ko‘ra, Xurshid Bozorov 30 yoshda bo‘lgan. U 3 nafar farzandning otasi edi.
Bugun tongdan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda Xurshid Bozorovni tanigan-tanimagan o‘zbekistonliklar uning suratlarini sahifalariga joylab, oila a'zolariga hamdardlik bildirishmoqda. Marhumning oila a'zolariga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi bo‘lgan ko‘ngillilar uchun Xurshid Bozorovning turmush o‘rtog‘i Dildora Ostonovaning nomiga bank hisob raqami ochilgan. Ma'lumotlarga qaraganda, Xurshid Bozorovning jasadi 11 fevral kuni Toshkentga olib kelinadi.