O‘zbekistonda Navoiyxonlik va Boburxonlik kechalari o‘tkazilmoqda

Jamiyat 15:20 / 08.02.2016 11764

Millatimiz ma'naviyati va adabiyotining so‘nmas siymolari Mir Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi yurtimizning barcha muassasa hamda tashkilotlarida keng nishonlanmoqda. Daholarning bebaho asarlari ma'naviy teranligi hamda badiiy yuksakligi bilan bashariyat mulkiga aylangan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mutafakkirning boy merosi, asarlarida ulug‘langan milliy va umumbashariy g‘oyalar insonni tarbiyalaydi, ezgulikka chorlaydi. Tadbirda allomaning ana shunday o‘lmas asarlaridan namunalar ijro etildi. Taniqli san'atkorlar, xalqaro tanlov va festivallar g‘oliblari, yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag‘ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘zgacha ruhda kechdi.Unda O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olima Suyima G‘aniyeva talaba-yoshlarga Navoiy hayoti va ijodiy faoliyati, uning badiiy-ilmiy merosi, mamlakatimizda ulug‘ shoirga ko‘rsatilayotgan ehtirom, shoir asarlarining navqiron avlod tafakkurini boyitishdagi o‘rni haqida so‘zlab berdi. Tadbirda Toshkent davlat pedagogika universitetining “Oltin meros” ansambli ishtirokchilari ijrosida Alisher Navoiy g‘azallariga bitilgan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida ham “Bu gulshanda barhayotdir nazm va navo” nomli ma'naviy-ma'rifiy kecha o‘tkazildi. Tadbirda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlaridagi ezgu g‘oyalardan yoshlarimizni bahramand etish, yigit-qizlarni buyuk ajdodlarimiz merosiga yuksak ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilayotgan ta'kidlandi. Kechada O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyorlari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ruboiy va g‘azallaridan namunalar o‘qidi. Navoiy va Bobur haqidagi filmlardan lavhalar namoyish etildi. Shuningdek, institut o‘qituvchi va talabalari tomonidan Alisher Navoiy asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakl yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: