BMTning Suriyadagi voqealarni tergov qilish bo‘yicha mustaqil komissiyasi bayonotiga ko‘ra, Suriyaning amaldagi rahbariyati, IShID va "Jibhad an-Nusra" terrorchilik guruhlari hamda aksilhukumat guruhlari Suriyada harbiy jinoyatlar va insoniyatga karshi jinoyatlar sodir etganlar.
Chop etilgan hujjatda Suriyada 2011 yil 10 martdan 2015 yil 30 noyabrgacha bo‘lgan vaziyat tahlil qilib chiqilgan. Ma'ruzaga 621 ta intervyu va katta miqdordagi hujjatlar asos bo‘lgan.
Ma'ruzada Suriya hukumati "insoniyatga qarshi jinoyatlar: odamlarni yo‘q qilish, qotilliklar, zo‘ravonlik, shuningdek, jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllari, qiynoqlar, qamoqqa mahkum qilish, zo‘ravonlik bilan yo‘q qilish va boshqa shafqatsiz jinoyatlarni amalga oshirgan". Ma'ruza ma'lumotlariga ko‘ra, 10 minglab odamlar Suriyaning rasmiy hukumati tomonidan qamoqlarda ushlab turilibdi.
"Jibhad an-Nusra" guruhi Idlibda izolyatorlar yaratgan, komissiya ma'lumotlariga ko‘ra, guruh bu yerda qamoqda ushlab turilganda o‘lgan barcha mahbuslarni qayd qilib borgan. Jangarilar hukumat qo‘shinlarini asirga olgandan keyin ularni o‘ldirgani haqida ma'lumotlar bor. Ba'zi nohukumat guruhlari va "Jibhad an-Nusra" qotillik, shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish va qiynoqlar ko‘rinishidagi harbiy jinoyatlarni amalga oshirgan.
IShID qo‘lga olgan odamlarni jiddiy zo‘ravonlikka duchor qilgan, jumladan qiynoq va ommaviy qatllar qo‘llagan. Ko‘pincha o‘lim hukmini norasmiy sudlar chiqargan.
Ta'kidlanishicha, Suriya hukumati tergovni o‘tkazish uchun komissiyaga va inson huquqlari bo‘yicha boshqa tashkilotlarga Suriya hududiga kirishni muntazam taqiqlagan. Hujjatda ta'kidlanishicha, Suriya rahbariyatiga bu qoidabuzarliklar haqida ma'lum bo‘lgan, biroq hukumat bunga hech qanday chora ko‘rmagan.