Hozirgi kunda murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan sobiq futbolchi Azamat Abduraimov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatsizligi sabablari borasida gapirib o‘tdi.
«O‘ylashimcha, terma jamoalar markazi jamoaning o‘yinini chuqur tahlil qilib chiqishi va o‘z bahosini berishi kerak. Bunda aynan kimnidir aybdor qilish emas, balki kelgusida bu kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik va jamoaning o‘sishi uchun xizmat qilishi kerak.
Agar bu hol boshqa qaytarilmasa, ajoyib ish bo‘lardi. Mag‘lubiyat esa futbolning bir qismi. Hattoki dunyoning eng kuchli klublari mag‘lubiyatni chetlab o‘ta olmaydi. Oldinda juda ko‘plab saralash musobaqalari, turli yosh toifalaridagi turnirlar turibdi».
Muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababi? Hozir aynan bitta sababni ajratib ko‘rsatish qiyin. O‘ylashimcha, bunday natijaga bir necha omillar sabab bo‘ladi.
Jamoada bir yilda bir yo‘la to‘rt marta murabbiy tayinlandi: Maqsudov, Ashurmatov, Jalilov va Babayan. Bunday tez almashinuvlar bilan natijaga erishish juda murakkab. Har bir murabbiyning o‘z qarashlari, o‘z falsafasi va o‘z talablari bo‘ladi. Futbolchilarga esa ularga moslashishi uchun ko‘p vaqt talab etiladi», deya Abduraimovdan iqtibos keltiradi Sports.uz.