Rivojlangan davlatlarda odam gavjum joylarda internetga ulanish nuqtalarining mavjudligi bilan anchadan beri hech kimni taajjublantirib bo‘lmaydi. Nihoyat, Toshkent aholisida ham jamoat transportida bepul internetdan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. "Toshshahartransxizmat" AJ yuqori texnologiyalar olamidagi yutuqlarni jamoat transportiga tatbiq qilmoqda.
Shu tariqa, "Toshkent" vokzali-"TTZ" bozori yo‘nalishida qatnaydigan 14-raqamli avtobusning 4 tasi EVO kompaniyasining wi-fi internet qurilmasi bilan jihozlandi. Bu qurilmalar Huawei kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Nega aynan shu raqamli avtobusga bu xizmatni joriy qilishga qaror qilindi, degan savol tug‘iladi. Bunga sabab, bu yo‘nalishda qatnovchi avtobuslar o‘rnak olsa arzirlidir, chunki undagi haydovchilar va chiptachilar maxsus kiyimlarda o‘z ishlarini olib boradilar.
Ushbu avtobuslar Wi-fi bilan jihozlanganidan darak beruvchi yozuv haydovchini yo‘lovchi salonidan ajratuvchi oynavand to‘siqqa yopishtirib qo‘yilgan. Qurilma internetga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, parolni kiritmasdan ulanadi. Fayllarni ko‘chirib olish bloklangan, shuning uchun telefondagi dasturlarni yangilab bo‘lmaydi.
Tatbiq qilingan internet kutilmaganda tez ishlamoqda. Uning tezligi istalgan mobil operatorlarnikidan qolishmaydi. Syorfingda uning tezligi taxminan 2-3 Mb/sekundni tashkil qiladi. Har bir avtobusga internet 2 Mb/sekund tezlik bilan Huawei 4GLTE modemi orqali 50 metrlik masofani qoplagan holda beriladi.
Bu loyiha yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Internetga ulanish nuqtaralari 3 fevraldan sinov tartibida ishlamoqda. Tarmoqqa bir vaqtning o‘zida 100 kishi ulanishi mumkin. Ulanish uchun 4G/LTE texnologiyasidan foydalaniladi. Tarmoqqa ulanishda reklama yo‘q va xizmat doimo bepul bo‘ladi.
"Toshshahartransxizmat" AJ bunday xizmatni yaqin orada 51- va 28-raqamli avtobuslarda ham joriy qilishni rejalashtirmoqda. 2016 yil oxirigacha Wi-Fi-qurilmalar ko‘pchilik yo‘nalishlardagi avtobuslarda paydo bo‘ladi. Keyinchalik barcha avtobuslar bu xizmatga ulangandan keyin, qolgan jamoat transporti turlari ham u bilan ta'minlanadi.
Loyiha ustida ishlar 2015 yilning sentabrida boshlangandi. Bu g‘oya EVO kompaniyasi tomonidan bildirilgan.